118

MUSTAQILLIK BAYRAMI ARAFASIDAGI JAMOATCHILIK FIKRI SOʻROVI

1 sentyabr kuni Oʻzbekiston xalqi milliy bayram – Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz uch yilligini nishonlaydi.

Ushbu qutlugʻ sanani munosib nishonlash maqsadida “Bir boʻlsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz!” degan bosh gʻoyani oʻzida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar hamda targʻibot-tashviqot ishlari dasturi tasdiqlandi.

 Shu kunlarda mamlakatimizning barcha mintaqalarida, mahallalar, taʼlim muassasalari, mehnat jamoalarida Vatanimiz mustaqilligi bayramiga bagʻishlab uchrashuvlar, seminarlar, yigʻilishlar, anjumanlar, bayram tadbirlari tashkil etilmoqda.

Mamlakatimiz tomonidan soʻnggi paytlarda erishilayotgan natijalar bugungi kunda nihoyatda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston mamlakatimiz Prezidenti Sh.M.Mirziyoev rahbarligida amalga oshirilayotgan ochiq, pragmatik va insonparvar tashqi siyosati natijasida Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi konstruktiv hamkorlik va yaxshi qoʻshnichilik muhitini yaratish yoʻlidan bormoqda. Davlatimiz rahbarining mintaqa taraqqiyoti va farovonligi yoʻlida Markaziy Osiyoni xavfsiz va barqaror taraqqiyot zonasiga aylantirish yoʻlida tinchlikni mustahkamlash va qoʻshni davlatlar bilan hamkorlikni kengaytirishga qoʻshayotgan beqiyos hissasi xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak baholandi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozogʻiston Respublikasiga davlat tashrifi doirasida Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Oʻzbekiston-Qozogʻiston doʻstligini mustahkamlashga qoʻshgan ulkan hissasi uchun davlatimiz rahbariga oʻz mamlakatining oliy davlat mukofoti – “Oltin Qiron” (“Oltin burgut”) ordenini tantanali ravishda topshirdi.

Mintaqada doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro hamjihatlikni rivojlantirishdagi ulkan xizmatlari uchun Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining oltinchi Maslahat uchrashuvi doirasida Shavkat Mirziyoyevga Markaziy Osiyo mamlakatlari davlat rahbarlarining Faxriy nishonini tantanali topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. 

Mamlakatimizda “OʻZBEKISTON – 2030” strategiyasi doirasida “YOSHLAR VA BIZNESNI QOʻLLAB-QUVVATLASh YILI”da mintaqalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiyalar hajmini oshirish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, “yashil” va raqamli iqtisodiyotga oʻtish orqali fuqarolar farovonligini oshirishga katta eʼtibor qaratilmoqda.

Insonning huquq va manfaatlarini taʼminlash, uning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, sud-huquq tizimini isloh qilish ichki siyosatning asosiy ustuvor yoʻnalishiga aylandi.

Yoshlarga oid davlat siyosati doirasida taʼlim tizimi sifatini oshirish, yigit-qizlarning bilim olishi, zamonaviy va talabgor kasblarni egallashi uchun keng imkoniyatlar yaratish chora-tadbirlari amalga oshirildi. Yosh oʻzbekistonliklarning bandligini taʼminlash va qoʻshimcha ish oʻrinlarini yaratish masalalari samarali hal etilmoqda.

Sogʻliqni saqlash, fan, madaniyat va sanʼat, sport sohalarini rivojlantirish boʻyicha ijtimoiy dasturlarni amalga oshirish doirasida ham muayyan muvaffaqiyatlarga erishildi.

Ayniqsa, Parij shahrida boʻlib oʻtgan XXXIII yozgi Olimpiya oʻyinlarida mamlakatimiz tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etishga muvaffaq boʻlgan oʻzbekistonlik sportchilarning muvaffaqiyatlari alohida faxr-iftixor hissini uygʻotadi. Ushbu asosiy xalqaro musobaqalarda oʻzbekistonlik sportchilar 8 oltin, 2 kumush va 3 bronza medalini qoʻlga kiritib, Yangi Oʻzbekistonning haqiqiy qahramonlariga aylanishdi.

Mamlakatimiz mustaqilligining 33 yilligini nishonlash arafasida “Ijtimoiy fikr” RJFOʻM tomonidan mamlakatimizda soʻnggi yillarda erishilgan eng muhim yutuqlar, amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonlari, jamiyat, davlat va mamlakatdagi har bir oila hayotida roʻy berayotgan oʻzgarishlar haqida oʻzbekistonliklarning fikrini aniqlash maqsadida aholi oʻrtasida jamoatchilik fikri soʻrovi oʻtkazilmoqda. Tadqiqotning ustuvor yoʻnalishlaridan biri oʻzbekistonliklarning Mustaqillik bayramiga munosabati, ular ushbu davlat bayramiga qanday maʼno-mazmun yuklashlari hamda ushbu qutlugʻ sana arafasida yurtdoshlarimiz oʻrtasida qanday kayfiyat va ijtimoiy hissiyotlar ustuvorlik qilayotgani masalasi hisoblanadi.

Soʻrovning mamlakatimizning barcha mintaqalari aholisi, erkaklar va ayollar, barcha millat vakillari, turli sohalarda band boʻlgan yoshlar, oʻrta va katta yoshdagi fuqarolar oʻrtasida oʻtkazilishi rejalashtirilgan.