20.03.2024
219
Navroʻz asrlar qaʼridan bizgacha yetib kelgan eng yorqin va serjilo xalq bayramlaridan biri hisoblanadi. BMT Bosh Assambleyasining 2010 yilning 23 fevralida boʻlib oʻtgan 64-sessiyasida 21 mart Xalqaro Navroʻz kuni sifatida eʼtirof etilgan.
Oʻzining noyob, betakror fazilatlari bilan ezgulik va taraqqiyotga xizmat qilayotgan ushbu bayramning beqiyos ahamiyatini inobatga olib, uni yuksak tashkiliy saviyada oʻtkazish maqsadida Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoev mamlakat hukumatiga “Olam nurga toʻlsin, sen bilan, Navroʻz!” shiori ostida umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni yuqori tashkiliy saviyada oʻtkazish boʻyicha topshiriq va tavsiyalar berdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2024 yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarorida[1] Navroʻz bilan bogʻliq xalq urf-odatlari va anʼanalarini qayta tiklash va asrab-avaylashga, butun tirik mavjudotning bahorgi uygʻonishi, insonning tabiat bilan uygʻunligi, jonajon diyorimizga nisbatan mehr va gʻamxoʻrlik namunalari bilan bogʻliq bayramning bosh gʻoyasi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, xalqimiz hayoti, ongi va dunyoqarashidagi ijobiy oʻzgarishlar bilan hamohangligiga alohida eʼtibor qaratilgan.
Navroʻz bayrami arafasida “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazi tomonidan mamlakat aholisi oʻrtasida “OʻZBEKISTON FUQAROLARI NAVROʻZ BAYRAMI HAQIDA” mavzusida soʻrov oʻtkazildi. Tadqiqotda respublikamizning barcha mintaqalarida yashovchi 18 va undan katta yoshdagi erkak va ayollar, shahar va qishloq aholisi, turli millat vakillari, har xil soha va tarmoqlarda mehnat qilayotgan aholining turli ijtimoiy qatlamlari vakillari ishtirok etishdi. Soʻrovda oʻzbekistonliklarning Navroʻz bayramiga, Sharq taqvimi boʻyicha Yangi yilni nishonlash bilan bogʻliq urf-odat va anʼanalarga munosabati aniqlandi, shuningdek, mamlakatimiz fuqarolarining 21 mart arafasidagi kayfiyati oʻrganildi.
Soʻrov natijalari shuni koʻrsatdiki, jamoatchilik fikrida Navroʻz quvonch, nekbinlik, zavq va umid manbai ekanligi haqidagi tasavvurlar ustunlik qilmoqda. Aksariyat oʻzbekistonliklarning fikricha, ushbu qadimiy va ajoyib bayram bizning davrimizda inson va tabiat uygʻunligi bayrami, yangi hayotning boshlanishi sifatida yanada katta ahamiyat kasb etmoqda. Fuqarolarning ishonchi komilki, Navroʻz Xalqaro bayram maqomiga ega boʻlib, xalqlar oʻrtasidagi birlik, oʻzaro hamjihatlik, oʻzaro hurmat, tinchlik va totuvlikni mustahkamlashga munosib hissa qoʻshmoqda.
Respondentlarning “Siz uchun Navroʻz bayrami nimani anglatadi?” degan savolga javoblari koʻpchilik respondentlar uchun Navroʻz bahor fasli kelishini, tabiat va yerning uygʻonishi va yangilanishini, insonning tabiat bilan birligini ifodalashini koʻrsatdi. Bu bahor va yoshlik bayrami, farovonlik va uygʻonish darakchisi, tabiatda ham, odamlar hayotida ham ezgulikka boʻlgan yorqin orzu-umidlar va oʻzgarishlar ramzidir.
Soʻralganlarning fikricha, Navroʻz mamlakatimizda istiqomat qilayotgan barcha xalqlarning maʼnaviy-madaniy hayotida katta ahamiyatga ega boʻlib, jamiyatda, har bir oilada tinchlik va totuvlikni mustahkamlashga xizmat qiladi, ezgulik va insonparvarlik, doʻstlik va oʻzaro yordam gʻoyalarini mujassam etadi, milliy anʼanalarni asrab-avaylash va madaniyatlarni oʻzaro boyitishga koʻmaklashadi, mamlakatimizda integratsiya va maʼnaviy yuksalishning yanada rivojlanishiga hissa qoʻshadi.
Shuningdek, soʻrov ishtirokchilari Navroʻzni bolalikdan eng sevimli bayram sifatida bilishadi, ular uchun Navroʻz anʼanaviy bayram dasturxonlari, oilaviy va doʻstona ziyofatlar, xalq sayillari, shodlik va oʻyin-kulgilar bilan bogʻliq boʻlib, ularda bolalar, yoshlar, oʻrta va keksa yoshdagi kishilar birdek zavq bilan ishtirok etadilar.
Navroʻz bayrami mamlakatimizning barcha mintaqalarida keng nishonlanadi, har bir Oʻzbekiston fuqarosi yon-atrofidagi kam taʼminlanganlarga yordam berish, ehtiyojmandlarga koʻmaklashish, keksalarga eʼtibor va ehtirom koʻrsatish, bolalarni sovgʻalar yoki shirinliklar bilan siylashni hamda ezgu, begʻaraz ishlar qilishni oʻzining burchi, deb biladi. Lekin barcha oʻzbekistonliklarni birlashtirgan asosiy jihat – bu oilaning iliq va samimiy davrasida jam boʻlish, oila aʼzolari va yaqinlariga mustahkam sogʻlik, farovonlik va barcha ishlarida muvaffaqiyatlar tilash imkoniyatidir. Soʻrov shuni koʻrsatdiki, oʻzbekistonliklarning koʻpchiligi bayramni uyda, oila davrasida, qarindoshlari va doʻstlari bilan bayram dasturxoni atrofida oʻtkazishni rejalashtirmoqdalar.
Shuningdek, tadqiqot shuni koʻrsatdiki, mamlakat aholisi Navroʻz bayramini faol nishonlash va xalq sayillarida qatnashishni rejalashtirmoqdalar, bolalar bilan madaniyat va istirohat bogʻlariga borishni, bahor tabiatidan bahramand boʻlishni maʼqul koʻradilar.
Fuqarolarning fikricha, Navroʻz bayramining muhim belgisi, anʼanaga koʻra, milliy taomlar va shirinliklardan iborat bayram dasturxoni hisoblanadi. Yil davomida moʻl-koʻlchilik ularni tark etmasligi uchun bayram dasturxoni taomlar bilan toʻla boʻlishi kerakligiga soʻrov ishtirokchilarining ishonchi komil.
Navroʻzda mehmonga tashrif buyurish yoki mehmon kutish anʼanasi koʻpchilik respondentlarga xosdir, shuningdek, respondentlarning fikricha, Navroʻz ishdan dam olish hamda qiziqarli telekoʻrsatuvlar va bayram konsertlarini tomosha qilish, oila bilan Oʻzbekistonning qadimiy shaharlariga, muzey va koʻrgazmalarga tashrif buyurish uchun yaxshi imkoniyatdir.
Navroʻz bayramining asosiy, bosh taomi sumalak hisoblanadi. U ezgulik, hamjihatlik va birlikning haqiqiy ramzidir. Ushbu mazali va koni foyda taomni tayyorlashda butun mahalla ahli ishtirok etadi, chunki u taomilga koʻra bu tadbirning barcha ishtirokchilariga omad va farovonlik, sogʻliq va baxt keltiradi. Respondentlarning yarmidan koʻpi – 57,6% sumalak tayyorlashda albatta ishtirok etishlarini, bu ular uchun ajdodlar anʼanalariga hurmat bajo keltirish va yaxshi, doʻstona davrada vaqt oʻtkazish imkoniyati ekanligini taʼkidlashdi.
Oʻtkazilgan soʻrov natijalarining koʻrsatishicha, 86,1% oʻzbekistonliklar uchun Navroʻz bolalikdan eng yaxshi xotiralar bilan bogʻlangan, odamlarda eng ezgu va samimiy tuygʻularni uygʻotadigan, asrlar davomida doʻstlik va birodarlik anʼanalarini shakllantirayotgan, oʻzaro hamjihatlik, oʻzaro hurmat va qoʻllab-quvvatlash anʼanalari singdirilgan sevimli va muhim bayram sanaladi.
Oʻzbekistonliklar Sharq taqvimiga koʻra bahor, tabiatning uygʻonishi va yangilanishi ramzi, Yangi yil boshlanishi bilan bogʻlangan Navroʻz bayramini katta ishtiyoq va shodlik bilan keng nishonlashmoqda. Ayni paytda bayram har bir inson uchun alohida ahamiyat va mazmunga ega. “Sizga Navroʻz bayrami nima uchun muhim va ahamiyatli sanaladi?” degan savolga javoblarida oʻzbekistonliklarning koʻpchiligi bu chuqur ramziy maʼnoga ega boʻlgan, ildizlari uzoq oʻtmishga borib taqaladigan, eng qadimiy va chinakam xalq bayrami, uning nishonlanishi zamonlar va avlodlarning oʻzaro bogʻliqligini ifodalaydi, deb taʼkidlashdi. Navroʻzga boʻlgan bunday ehtiromli munosabat fuqarolarimizning Oʻzbekiston tarixiga, oʻz ajdodlarining boy madaniyati va merosiga boʻlgan chuqur hurmatidan, Navroʻz bilan bogʻliq urf-odat va anʼanalarni asrab-avaylash, farzandlari va nevara-evaralariga yetkazish istagidan dalolat beradi.
Soʻrov ishtirokchilarining fikricha, Navroʻz bayramining muhim tarkibiy qismi inson va tabiatning birligi, ayniqsa, bu ajoyib kunlarda biz oʻzimizni atrof-olam bilan chambarchas bogʻliqlikda va u bilan hamnafas yashash istagida his qilishimiz hisoblanadi.
Navroʻz kirib kelishi bilan oʻzbekistonliklar quvonchli orzu-umidlarga toʻlib, ertangi kunga nekbinlik bilan qarashadi, barcha qiyinchiliklar va musibatlar ortda qolishiga ishonadilar.
Bahor fasli va barcha uchun sevimli bayramning kirib kelishi oʻzbekistonliklar qalbini oilaviy taft bilan ilitadi, oila aʼzolari va doʻstlari bilan muloqot qilish quvonchini bagʻishlaydi, fuqarolarda ijobiy kayfiyatni shakllantirishga xizmat qiladi. Fuqarolar Navroʻz oʻz xonadonlariga baxt va omad, farovonlik va taraqqiyot, tinchlik va totuvlik olib kelishiga, rejalashtirilgan barcha rejalar hamda eng dadil tashabbuslarning amalga oshishiga umid bildirmoqdalar.
Umuman olganda, soʻrov natijalari shuni koʻrsatdiki, Navroʻz mamlakatimizning barcha fuqarolari uchun ulkan mujassamlashtiruvchi kuchga ega, bu qadimiy, ezgu bayram yashash mintaqasi, yoshi, jinsi, millati va kasb-koridan qatʼi nazar, barcha oʻzbekistonliklarga maʼnan yaqin va hamohang boʻlib, ularning qalbida aks-sado beradi.
Navroʻz kunlarida yurtimiz aholisi anʼanaga koʻra toʻkin-sochin dasturxon atrofida jam boʻlib, oila aʼzolari, doʻstlari, yaqinlariga shodlik va koʻtarinki kayfiyat ulashadi.
Soʻrov fuqarolar tomonidan bahor va yoshlik, yorqin orzu-umidlar va yangilanish ramzi sifatida qabul qilingan Navroʻz bayrami mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni saqlashga xizmat qilishi, katta maʼnaviy-axloqiy ahamiyat kasb etishi, bagʻrikenglik va oʻzaro hamjihatlik, vatanparvarlik va bunyodkorona mehnatga intilish kabi sifatlarni tarbiyalashi, aholiga koʻtarinki kayfiyat bagʻishlab, yorqin kelajakka ishonchini mustahkamlashga yordam berishini tasdiqladi. Bayram arafasida oʻzbekistonliklarning qalbi quvonchli orzu-umidlar bilan toʻlib-toshgan, ular buni doimgidek mamlakat, jamiyat va har bir oʻzbekistonlik hayotida yuz berayotgan ijobiy oʻzgarishlar bilan bogʻlamoqdalar.
[1] ЎЗБЕКИСТОН РЕСПУБЛИКАСИ ПРЕЗИДЕНТИНИНГ “2024 ЙИЛГИ НАВРЎЗ УМУМХАЛҚ БАЙРАМИГА ТАЙЁРГАРЛИК КЎРИШ ВА УНИ ЎТКАЗИШ ТЎҒРИСИДА”ги қарори, Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 05.03.2024 й., 07/24/113/0182-сон.