04.03.2024
207
TURIZM VA TURISTIK INDUSTRIYANI RIVOJLANTIRISH: IJTIMOIY TADQIQOTLARNING YANGI YOʻNALISHI
“2027 yil – Xalqaro barqaror va umri boqiy turizm yili” rezolyutsiyasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan bir ovozdan maʼqullandi. Ushbu taklifning tashabbuskori — Oʻzbekiston va BMTga aʼzo 80dan ortiq mamlakatlar esa rezolyutsiyaga hammuallif boʻldilar. Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilgan rezolyutsiya jahon miqyosida turistik industriyani rivojlantirishning yangi bosqichini boshlab beradi.
Qabul qilingan hujjatga mamlakatimiz Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning 2023 yil oktyabr oyida Butunjahon sayyohlik tashkiloti (YUNVTO) Bosh assambleyasining Samarqandda boʻlib oʻtgan sessiyasida turizm sohasining barqarorligi va zamonamizning yangi muammolari hamda daʼvatlariga nisbatan moslashuvchanligi toʻgʻrisidagi maʼruzasi tezislari asos qilib olingan.
Rezolyutsiyada madaniy merosni asrab-avaylash, tinchlik va bagʻrikenglikni, milliy qadriyatlarga hurmat tuygʻularini mustahkamlashda turizmning roliga ustuvor ahamiyat berilgan.
Ekologiya va bioxilma-xillikni saqlash, atmosfera havosining ifloslanishini kamaytirish maqsadida “yashil” turizmni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Rezolyutsiyada BRMga erishish, iqtisodiy oʻsish, aholining toʻliq bandligini taʼminlash, shuningdek, qishloq joylarni rivojlantirish va qishloq aholisining turmush farovonligini oshirishga yordam qilishi mumkin boʻlgan barqaror turizmni, jumladan, ekoturizmni rivojlantirish muhimligi taʼkidlangan.
BMT rezolyutsiyasini amalga oshirish doirasida kambagʻallikka barham berishning muhim vositasi sifatida barqaror va umri boqiy turizmni rivojlantirishni ilgari surish, ayollar, yoshlar, keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar ishtirokini ragʻbatlantirish, iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish va munosib ish oʻrinlari hamda daromad manbalarini yaratish rejalashtirilmoqda.
Mamlakatimizda turizm muhim faoliyat sohasiga aylanib, iqtisodiyotning koʻplab tarmoqlari rivojiga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda, mintaqalar rivoji va fuqarolar farovonligi darajasini oshirishga yordam bermoqda. Turizm sohasining roli va ahamiyati muttasil ortib bormoqda.
Turizmni rivojlantirishning istiqbolliligi, butun dunyo mamlakatlari sayyohlarining Oʻzbekistonga qiziqishi tobora ortib borayotganligi tufayli Oʻzbekiston jamiyatining holatiga turizmning ijtimoiy-iqtisodiy jihatlari taʼsirini oʻrganish, turistik industriyani rivojlantirish istiqbollari, ichki va tashqi turizmni taraqqiy ettirish masalalariga oʻzbekistonliklarning munosabatini aniqlash dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Mamlakat va mintaqalarda turizm va umuman turistik industriyaning rivojlanish darajasi toʻgʻrisida mamlakat fuqarolarining fikrini monitoring qilish, mamlakat fuqarolari va xorijiy sayyohlarning turizmni rivojlantirish sohasi, shu jumladan, transchegaraviy turizmning eng istiqbolli yoʻnalishlari haqidagi tasavvurini oʻrganish zarur.
“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazi tomonidan oʻtkazilgan soʻrovlar natijalari shuni koʻrsatadiki, oʻzbekistonliklar oʻz mamlakati bilan faxrlanadilar, fuqarolar yoshi va mashgʻulot turi, yashash joyi va ijtimoiy darajasidan qatʼi nazar, oʻzlari yashayotgan oʻlkani, uning tarixi, madaniyati, tabiati va xalqining anʼanalarini sevishadi va qadrlashadi, oʻz Vatani, uning buguni va kelajagi uchun masʼuliyatni his etadilar. Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, fuqarolar soʻnggi yillarda turizm industriyasida erishilgan natijalarni yuqori baholab, sohani yanada rivojlantirish oʻlkamizning tabiiy boyliklarini asrab-avaylash va koʻpaytirishga ijobiy taʼsir koʻrsatishiga, mamlakatimizga salmoqli iqtisodiy foyda keltirishiga, davlatimizning xorijdagi nufuzini oshirishi hamda mintaqalarning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirishmoqda.