18.03.2023
475
Navro‘z bayrami arafasida «Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi «O‘zbekiston fuqarolari Navro‘z bayrami haqida» mavzusida sotsiologik tadqiqot o‘tkazdi, uning asosiy maqsadi fuqarolarning ushbu voqeaga munosabatini, ularning orzu-umidlari va ijtimoiy kayfiyatini aniqlashdan iborat bo‘ldi.
Bahor millionlab kishilar uchun eng sevimli fasllardan biri hisoblanadi, zero, bahorda tabiat uyg‘onadi, yangilanadi, atrof-borliq betakror go‘zal tusga kiradi. Navro‘z (yaʼni «Yangi kun») - astronomik bahorning birinchi kuni va tabiatning uyg‘onishini anglatadi. Bayramning ruhi va falsafasi ham turli avlodlar o‘rtasida, ham barcha oilalarda tinchlik va hamjihatlik, insonning tabiat bilan birlashuvi, shuningdek, murosasozlik va yaxshi qo‘shnichilik qadriyatlarini targ‘ib qiladi, bu esa madaniy xilma-xillikni saqlash va odamlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga hissa qo‘shadi. 2009 yilda Navro‘z ko‘plab xalqlarning madaniy anʼanasi sifatida YUNESKOning Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan.
O‘tkazilgan so‘rov Navro‘z o‘zbekistonliklar uchun eng sevimli va ardoqli bayramlardan biri, uni intiqlik bilan kutishadi va u bilan quvonchli orzu-umidlar bog‘lanadi, deb taʼkidlash imkonini beradi.
«Siz uchun Navro‘z qanday bayram hisoblanadi?» degan savolga javoblarida respondentlar: Navro‘z – bu yoshi, yashash joyi, maʼlumot darajasi va kasbidan qatʼi nazar, o‘zbekistonliklarni birlashtiradigan umummilliy bayram, deya taʼkidlashdi. Navro‘zni mamlakatimiz aholisi g‘oyat xush ko‘radi va shu maʼnoda Navro‘z – bu tinchlik va totuvlik timsolidir. O‘zbekistonliklarning fikriga ko‘ra, Navro‘z – bu bahorgi tengkunlik kuni, undan - Yangi yil, ayni paytda tabiat va jamiyat yangilanishining yangi bosqichi boshlanadi.
Tadqiqot ishtirokchilarining ko‘pchiligi Navro‘z – bu o‘zbekistonliklar hayotida rejalashtirilgan islohotlarni amalga oshirish, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasini «Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili»da amalga oshirish Davlat dasturining ijrosi doirasida erishilayotgan dastlabki natijalarni baholashning o‘ziga xos ramzi, deb ishonch bilan aytishdi.
Olingan maʼlumotlarga ko‘ra, so‘rov ishtirokchilari Navro‘zni, birinchi navbatda, yaratuvchilik va tinchlik-xotirjamlik bayrami deb hisoblashadi. Respondentlarning katta qismi uchun Navro‘z mehr-oqibat va insonparvarlik, do‘stlik va o‘zaro yordam ifodasidir.
Tadqiqot ishtirokchilarining taʼkidlashlaricha, Navro‘z O‘zbekistonda asrlar qaʼrida paydo bo‘lib, bugungi kungacha saqlanib kelayotgan yorqin va o‘ziga xos udumlar bilan boyitilgan asosiy xalq anʼanalaridan biri hisoblanadi.
So‘rov davomida respondentlar Navro‘z ular uchun bolalikdan orziqib kutiladigan sevimli bayram ekanligini taʼkidladilar. Bayramdagi ijobiy va ko‘tarinki kayfiyat, yaqinlar va qarindosh-urug‘lar bilan uchrashuvlar, fusunkor shahar va qishloqlar, musiqa hamohangligidagi ko‘plab tadbirlar – bularning barchasi mamlakat aholisining yoshi kichigidan to ulug‘igacha Navro‘zni kundalik muammolarni bir dam unutib, bahorning kelishini tantanali qarshilash imkonini beradigan quvonchli kunga aylantiradi.
Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, respondentlarning aksariyati (75,3%) bu yil Navro‘zni oila davrasida, eng yaqin va sevimli kishilar bilan o‘zaro muloqotda, sovg‘a-salomlar bilan, gina-kudratlarni unutib nishonlashni rejalashtirmoqda.
O‘zbekistonda Navro‘zni nishonlashning muhim jihati mehmondorchilik hisoblanadi, bu kun har bir xonadonda ko‘plab milliy taomlar tayyorlanadi va to‘kin dasturxonlar yoziladi. So‘rov ishtirokchilari bayramga allaqachon faol tayyorgarlik ko‘rayotganliklarini taʼkidladilar: ular qarindosh-urug‘lar va yaqinlariga sovg‘alar, shuningdek, bayram dasturxoni uchun noz-neʼmatlar xarid qilishmoqda, hasharda qatnashib, xonadonlari va yon-atrofni tartibga keltiradilar, butalar va gul ko‘chatlari ekishadi.
O‘zbekistonda Navro‘z har yili keng nishonlanadi. Anʼanaga ko‘ra, shahar va qishloqlarda musiqa, raqs, sportning milliy turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilib, askiyachilar ishtirokida xalq sayillari uyushtiriladi, shuningdek, bayram yarmarkalari tashkil etilib, sayil ishtirokchilariga xilma-xil mahsulotlar taklif etiladi.
Navroʻz bayrami doirasida Oʻzbekistonda taniqli sanʼatkorlar, estrada ijrochilari va raqs guruhlari, sport ustalari, badiiy havaskorlik va folklor jamoalarining chiqishlari, hunarmandlar koʻrgazmalari, shuningdek, kechki madaniy-koʻngilochar dasturlar rejalashtirilgan.
Soʻrov natijalari shuni koʻrsatdiki, respondentlarning katta qismi ommaviy tadbirlarda ishtirok etishni rejalashtirmoqda.
Navroʻzni nishonlash uchun dam olish kunlari nazarda tutilganligi sababli, koʻplab soʻrov ishtirokchilari uchun - bu vaqtni tabiat qoʻynida oʻtkazish, shuningdek, Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Toshkent, Qoʻqon, Termiz kabi qadimiy shaharlarga sayohat qilish, diqqatga sazovor joylar va tarixiy maskanlarga tashrif buyurish, noyob meʼmoriy obidalar, madaniy yodgorliklar va tarixiy artefaktlar bilan tanishish, ona yurt goʻzalligidan bahramand boʻlish uchun qoʻshimcha imkoniyat hisoblanadi.
Maʼlumki, sumalak bayramning bosh ramzi boʻlib, u bahorning boshlanishi, moʻl-koʻllik, sogʻlik, ezgulik va hamjihatlikni ifodalaydi. Undirilgan bugʻdoydan tayyorlanadigan noyob taom – sumalak koʻp ming yillardan buyon bayram dasturxonining asosiy bezagi hisoblanadi.
Sumalak pishirish jarayoni oʻzgacha bir marosim boʻlib, u Navroʻzni nishonlashda alohida oʻrin tutadi. Sumalak pishirish zavqli yallalar, oʻyin-kulgular, hazil-mutoyibalar jarangi bilan ajralib turadi va tadqiqot natijalari koʻrsatganidek, 65,7% soʻrov ishtirokchilari bu yil sumalak pishirishda shaxsan ishtirok etish niyatida. Respondentlarning taʼkidlashicha, sumalak pishirish ular uchun yoru doʻstlar, qoʻni-qoʻshnilar, qarindosh-urugʻlar bilan muloqot qilish, ular bilan bahor tarovatini baham koʻrish imkoniyatidir.
Olingan maʼlumotlarga koʻra, aksariyat oʻzbekistonliklar (74,3%) Navroʻzni quvonchli bayram hissidan zavqlanib, rohatlanib kutib olishadi. Soʻrov davomida respondentlar bayram kunlari yangi kuch-gʻayratga, shijoatga toʻlib-toshishlariga eʼtibor qaratib, jismu jonlarida “uygʻonish, yangilanish va maʼnaviy koʻtarinkilik hissi” ustuvor boʻlishini bayon qildilar.
Soʻrov natijalariga koʻra, aksariyat oʻzbekistonliklar Navroʻzni oʻzgacha kun deb hisoblab, uni oʻziga xos his-tuygʻular uygʻotadigan oʻta muhim bayram sifatida taʼrifladilar.
Soʻrovning mantigʻida Navroʻzning oʻzbekistonliklar uchun muhimligi sababini aniqlash nazarda tutilgan edi.
Aksariyat soʻrov ishtirokchilari uchun Navroʻzni nishonlash eng qadimiy milliy anʼana hisoblanadi. Bugun, koʻp asrlar ilgari boʻlgani kabi, Navroʻzni mamlakatimizning barcha mintaqalari aholisi avloddan-avlodga oʻtib, saqlanib qolgan va hozirgacha oʻzgarmasdan yetib kelgan bayram anʼanalari va urf-odatlariga rioya qilgan holda keng nishonlaydi. Oʻzbekistonliklarning abadiy maʼnaviy qadriyatlarini oʻzida mujassam etgan ushbu qadimiy bayram xalqimizning milliy oʻzligi va madaniy ifodasining bir qismiga aylandi.
Koʻplab ishtirokchilar Navroʻz bayramining mamlakat aholisi uchun oʻta muhimligining yana bir sababi uning bolalikda idrok etilishi bilan bogʻliqligini aytishdi, darhaqiqat, Navroʻz doimo oilalarda qarindosh-urugʻlar va doʻstu birodarlar bilan bayram dasturxoni atrofida tantanali ravishda nishonlab kelingan. Tadqiqot ishtirokchilari aynan Navroʻz jamiyatda hech bir bayramga oʻxshamagan, oʻzgacha quvonch va umid muhitini yaratishini taʼkidladilar. Aynan shu kunlarda odamlar maʼnaviy koʻtarinkilikni his qilishadi, ularning istiqbolga, ertangi kunga va orzu-maqsadlar roʻyobiga ishonchi ortadi.
Respondentlarning taʼkidlashicha, Navroʻz – bu inson atrof-olam bilan oʻzining bir tanu bir jonligini yurakdan his qiladigan, insonning yaratuvchilik mehnati va tabiatning uygʻonish bosqichlari oʻzaro uzviy bogʻliqligini dildan anglaydigan, ayniqsa, tabiat va uning boyliklariga nisbatan beadad mehr-muhabbat va hurmat bilan munosabatda boʻlish zarurligini oʻta chuqur his qiladigan payt.
Navroʻz bayrami arafasida odamlar ezgulikdan umid qilib, yangi rejalar tuzishadi va dildagi orzularning ijobatiga ishonadilar. Bayram kunlarida mamlakat aholisi nafaqat tabiatdagi, balki jamiyat hayotining barcha sohalaridagi yangilanishlardan zavqlanadi.
Oʻtkazilgan sotsiologik soʻrov natijalari Navroʻz har bir oʻzbekistonlik uchun qalban yaqin va aziz bayram, degan xulosaga kelishga imkon berdi, zero, u oʻzbek xalqining oʻziga xos tabiatini, unutilmas anʼanalari, donishmandligi va mehr-muhabbatini oʻzida mujassam etgan. Olingan maʼlumotlar shuni tasdiqlab turibdiki, mamlakat aholisi ushbu qadimiy bayram udumlariga rioya qilish xonadonlariga baxt-saodat, toʻkin-sochinlik va farovonlik, oila aʼzolariga tinchlik-salomatlik va rohat-farogʻat keltirishiga inongan holda Navroʻz bayrami bilan bogʻliq barcha urf-odatlar va anʼanalarga mamnunlik bilan amal qiladi.
Soʻrov ishtirokchilari uchun ushbu yorqin bayram serhosil oʻzbek zaminida bahor boshlanishining ifodasi boʻlib, olamning betakror goʻzalligini kuylashi, insonga oʻzining tabiat bilan bevosita yaqinligi va ona yurtiga boʻlgan muhabbatini anglash va his qilish imkonini berishi bilan, ayniqsa, qadrlidir.
Oʻzbekistonliklar uchun tinchlik va totuvlik ramzi boʻlmish Navroʻzning har bir oilada va butun jamiyatda hamjihatlik va doʻstlikni mustahkamlashga xizmat qilishi, umuminsoniy qadriyatlarni yuksaltirishga hissa qoʻshishi, ayniqsa, muhim hisoblanadi.