171

Kirib kelayotgan Yangi 2024 yil arafasida “Ijtimoiy fikr” RJFO‘M fuqarolarning bayramoldi kayfiyatiga bag‘ishlangan jamoatchilik fikri so‘rovini o‘tkazdi. So‘rovda mamlakatimizning barcha mintaqalarida istiqomat qilayotgan fuqarolar, erkaklar va ayollar, yoshlar, o‘rta va katta yosh toifalari vakillari, turli millat kishilari, turli faoliyat sohalarida band bo‘lganlar ishtirok etdilar.

O‘tkazilgan jamoatchilik fikri so‘rovi natijalari shuni tasdiqladiki, Yangi yil - o‘zgacha bayram, u oilaviy bayram sifatida nishonlanadi va O‘zbekistonliklarni birlashtiruvchi ahamiyat kasb etadi, kattalar ham va bolalar ham uni birdek yaxshi ko‘rishadi, bu bayram ertaklar, sehr-afsun va ajoyib mo‘jizalarga yo‘g‘rilgan yagona bayram hisoblanadi. Go‘zal yurtimizning har bir maskanida, shahar va qishloqlarda rang-barang o‘yinchoqlar-u yaraqlayotgan turli xil chiroqlar bilan bezatilgan archalar, shoda-shoda yangi yil marjonlari, yoqimli bayram taraddudi, oila a’zolari va do‘stlar uchun sovg‘alar xaridi, Yangi yilning bayram dasturxoni taomnomasini tuzish va ularni tayyorlash bo‘yicha yoqimli tashvishlar hamma-hammada quvonch va baxt, quvnoqlik va qalban iliqlik hissiga to‘la o‘ziga xos ehtirosli kayfiyat uyg‘otadi.

O‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, mamlakat fuqarolarining ko‘pchiligi uchun Yangi yil eng sevimli va quvonchli bayramlardan biri hisoblanadi, u har bir inson hayotida yangi bir bosqich boshlanishidan darakdir, bunga hamma ishonadi va bolalardek mo‘jizalar kutadi, kirib kelayotgan yil o‘tayotgan yildan ko‘ra, albatta, yaxshiroq bo‘lishiga umid qiladi. Bayram tadbirlarini rejalashtirmagan so‘rov ishtirokchilari o‘sha kuni ishda bo‘lishlarini yoki "shunchaki kayfiyati yo‘qligini" bildirdilar.

Kirib kelayotgan 2024 yilni a’lo, ko‘tarinki ruh bilan, quvnoq kayfiyatda, nekbinlik bilan va yangi yilning yanada muvaffaqiyatliroq, yanada samaraliroq kelishi-yu, barcha o‘zgarishlar faqat yaxshi tomonga bo‘lishiga ishonch tuyg‘usi bilan kutayotgan mamlakat fuqarolarining aksariyati Yangi yil muhitida bayramona intiqlik bilan o‘zgacha hissiy kayfiyatda tantanali lahzalarni kutish o‘zlariga xos ekanligini ta’kidlashdi.

O‘tayotgan yil O‘zbekistonliklarning yarmidan ko‘pi (55,2%) uchun muvaffaqiyatli yoki umuman yaxshi bo‘ldi, bu yil so‘ralganlar uchun ko‘plab ijobiy lahzalarni hadya etdi, shuningdek, unchalik ortiqcha bezovtalik va tashvishlar tug‘dirmadi.

Mamlakat fuqarolarining chorak qismi o‘tayotgan yilni tinch, xotirjam deb atash mumkinligini e’tirof etishdi, ularning hayoti oson ham, qiyin ham bo‘lmadi, hammasi odatdagi doiralarda kechdi, to‘g‘ri, alohida parvozlar bo‘lmadi, lekin, muhimi, umidsizlik va yo‘qotishlar ham bo‘lmadi. O‘tayotgan yil bir qator qiyinchiliklar bilan bog‘liq bo‘lsa-da, ammo "hayotidagi qorong‘u o‘n beshlik, yorug‘ o‘n beshlikka aylanganini" tan olgan respondentlarning ulushi 12,7%ni tashkil qildi.

O‘tkazilgan so‘rov shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekistonliklarning aksariyati Yangi yilni uyda, oilasi davrasida, noz-ne’matga to‘la, keng bayram dasturxoni atrofida kutib olishni rejalashtirmoqda. So‘rov ishtirokchilari yangi yilni oila davrasida nishonlash an’anasini yoqtirishlarini aytishdi; ko‘pchilik uchun bu tug‘ishgan va yaqinlar bilan dasturxon atrofida to‘planish, atrofdagilarga quvonch va ezgulikka umid ulashish, muammolarni unutish va vaqtichog‘lik qilish uchun ajoyib sababdir. Yangi yil bayramida O‘zbekistonliklar uchun eng qadrli narsa – bu oilaviy an’analarga sodiq qolish, yaqinlar bilan jam bo‘lish, sovg‘alar almashish va samimiy tilaklar ulashish bo‘lib qolmoqda.

Tadqiqotlar monitoringi shuni tasdiqlaydiki, Yangi yilni oila davrasida nishonlash an’anasi O‘zbekistonliklar uchun o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan, aksincha, an’anaviy qadriyatlar, yangi yilni oilaviy nishonlash, tug‘ishganlar va yaqinlar bilan muloqot quvonchi, oilaviy maskandagi qulaylik va iliqlik hissi mamlakat fuqarolari tomonidan qadrlanadi va sevimli hisoblanadi.

So‘rov natijalari ko‘rsatganidek, chiroyli bezatilgan archa, rang-barang o‘yinchoqlar va yaraqlayotgan xilma-xil chiroqlar fuqarolar uchun Yangi yil tantanasining asosiy jihati hisoblanadi.

Shuningdek, so‘rov ishtirokchilari Yangi yilning asosiy mo‘jizasi - bu sovg‘alar ekanligini, ayni vaqtda sizning nima bilan mashg‘ulligingiz mutlaqo muhim emasligini, ya’ni siz sovg‘alar olayapsizmi yoki ulashayapsizmi, bundan qat’i nazar, bu - bayramona muhit yaratishi va yaxshi kayfiyat tug‘dirishini ta’kidladilar.

Respondentlar o‘z javoblarida Yangi yilni sevimli Qorbobo va Qorqiz, ularning ishtirokidagi yangi yil tomoshalari hamda televizorda namoyish etiladigan qadrli yangi yil filmlari shodalarisiz tasavvur qilib bo‘lmasligini ta’kidlashdi.

"Siz Yangi yilda qanday sovg‘a olishni xohlagan bo‘lardingiz?" degan savolga aksariyat O‘zbekistonliklar ular uchun eng muhimi bayram kayfiyati, oilasi va yaqinlari bilan muloqotdagi quvonch va quvnoqlik hissi ekanligini, moddiy qadriyatlar esa ikkinchi o‘rinda turishini bildirishdi, shuning uchun ham ular sovg‘a sifatida bayramona kayfiyat va ijobiy his-tuyg‘ularni kutishlarini ta’kidladilar. So‘ralganlarning ayrimlari uchun eng yaxshi Yangi yil sovg‘asi - bu texnika, jumladan, yangi smartfon, elektr jihozlari yoki zamonaviy gajetlar ekanligi ma’lum bo‘ldi. Har o‘ninchi so‘rov ishtirokchisi shirinliklar va konfetlar bilan xursand bo‘ladi.

Shuningdek, Qorbobodan kutilayotgan sovg‘alar ro‘yxatida o‘yinchoqlar va suvenirlar, kosmetika va parfyumeriya, kiyim-kechak va aksessuarlar mavjud.

11,7% so‘rov ishtirokchilari bu savolga javobda biroz qiynalishdi, lekin, ularning fikriga ko‘ra, Yangi yil sovg‘asi to‘g‘risida qaror qabul qilishga hali vaqtlari bor.

Hamma Yangi yil sovg‘asini olishni yaxshi ko‘radi, ammo so‘rov natijalari sovg‘alar ko‘pincha kimga berilishini ko‘rsatdi. Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonliklar Yangi yil sovg‘alarini an’anaga ko‘ra bolalari, ota-onalari, suyuklilari va eng yaqinlariga hadya qiladilar.

Sevimli Yangi yil bayrami O‘zbekistonliklar qalbini qadrdon xonadonning tafti bilan isitadi, tug‘ishganlar va yaqinlar bilan muloqot quvonchini hadya etadi va eng yoqimli o‘zgarishlarga umid hissini uyg‘otadi. Fuqarolarning ishonchi komilki, kirib kelayotgan Yangi 2024 yil, albatta,  muvaffaqiyatli bo‘ladi, u o‘zi bilan birga tinchlik-xotirjamlik, farovonlik va barcha rejalar ro‘yobini olib keladi va, hech shubhasiz, hayotimizdagi ijobiy o‘zgarishlar, mamlakatimizning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va fuqarolarning farovonligi yili bo‘ladi.