226

“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi Vatan himoyachilari kuni arafasida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga, armiyadagi harbiy xizmat va harbiylik kasbiga o‘zbekistonliklarning munosabatini aniqlash maqsadida mamlakat fuqarolari o‘rtasida sotsiologik so‘rov o‘tkazdi. Unda mamlakatimizning barcha mintaqalarida istiqomat qilayotgan fuqarolar, erkaklar va ayollar, yoshlar va katta avlod vakillari, turli kasb egalari ishtirok etdilar.

O‘tkazilgan jamoatchilik fikri so‘rovi shuni ko‘rsatdiki, jamoatchilik ongida Vatan himoyachilari kuni to‘g‘risida jasorat va Vatanga sadoqat timsoli hisoblanadigan davlat bayrami sifatidagi tasavvur shakllangan, bu bayram o‘zbekistonliklar tomonidan barcha himoyachilar - bugun O‘zbekiston Respublikasi sarhadlarining muhofazasida turganlar, o‘z jangovar postida xizmat qilayotganlar, Vatanimizning haqiqiy vatanparvar va sodiq farzandlariga nisbatan yuksak faxr-iftixor va ehtirom hissi bilan nishonlanadi.

So‘rov davomida ishtirokchilarning aksariyati Vatan himoyachilari kuni - bu barcha harbiy xizmatchilar, o‘z Vatani mudofaasiga daxldor insonlar yoki O‘zbekiston Qurolli Kuchlari saflarida xizmat qilganlarning kasb bayrami ekanligini alohida ta’kidlashdi. Fuqarolar ushbu kunda barcha kasb va yoshdagi erkaklarni tabriklash odat tusiga kirganligi haqida fikr bildirdilar.

Mardlik, qahramonlik va jasorat barcha davrlarda o‘zbek xalqining ko‘p asrlik tarixining ajralmas bir qismi bo‘lib kelgan va, respondentlarning fikricha, Vatan himoyachilari kunining vazifasi har birimizga haqiqiy erkaklarning fuqarolik burchi va yuksak maqsadi - tinchlik va hamjihatlikni saqlash ekanligini mudom eslatib turishdan iboratdir.

Barcha zamonlarda ham Vatan himoyasi har bir erkak uchun sharafli va mas’uliyatli vazifa bo‘lib kelgan, mamlakatimiz fuqarolarining mutlaq ko‘pchiligi jinsi, yoshi, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, Qurolli Kuchlar safidagi xizmat muqaddas bo‘lib, har bir yigitning vatanparvarlik burchi ekanligiga ishonadi.

Fuqarolarning fikricha, harbiy xizmat har bir insonning tarjimai holida eng muhim bosqich hisoblanadi, armiyada yigitlar haqiqiy erkak bo‘lib shakllanadilar, kuchli va yaxshi hayot maktabidan o‘tadilar, bu ularga nafaqat jismoniy jihatdan kamol topish va ulg‘ayishga, balki o‘ziga ishongan, erkin, mustaqil bo‘lishiga va ko‘plab foydali ko‘nikmalarni egallashiga va o‘zini namoyon etish imkoniyatini qo‘lga kiritishiga imkon beradi.

Tadqiqot davomida olingan ma’lumotlar tahlili shuni ko‘rsatdiki, jamiyatimizda harbiy kishining ijobiy qiyofasi shakllangan, o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, harbiy xizmatni o‘tayotgan, fuqarolarning tinch, osoyishta hayotini va farovonligini muhofaza qilayotgan insonlarga aksariyat o‘zbekistonliklar chuqur hurmat bilan qarashadi. Olingan natijalar Vatan himoyachisining yuksak ijtimoiy maqomidan dalolat beradi.

O‘zbekistonda umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmatni o‘tash qonunchilik darajasida mustahkamlangan. Umumiy harbiy majburiyat yosh yigitlarni O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga majburiy tayyorlashdan iborat bo‘lib, Qurolli Kuchlar safi to‘ldirilishini ta’minlash maqsadida o‘rnatilgan. Mamlakat fuqarolarining aksariyati – 74,1% harbiy xizmat barcha yigitlar uchun majburiy bo‘lishi, har bir haqiqiy erkak armiyada xizmat qilishi kerak, deb hisoblaydi.

Mamlakatimiz Qurolli Kuchlarining jamiyatdagi obro‘-e’tibori ortib borayotgani va mustahkamlanayotganini so‘rov natijalari ham tasdiqlaydi: “Marhamat qilib, ayting-chi, o‘g‘lingiz, ukangiz, turmush o‘rtog‘ingiz yoki boshqa yaqin qarindoshingiz O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida xizmat qilishini xohlagan bo‘larmidingiz?” degan savolga ijobiy javob olindi. Armiyaning bugungi kunda mamlakatimiz aholisi nazaridagi obro‘si ijobiy, bu tendensiya yoshlar va ularning ota-onalarining armiyaga bo‘lgan munosabatida namoyon bo‘lmoqda, asosiy ko‘pchilik uchun armiyada xizmat qilish nufuzli bo‘lib qoldi.

Bu harbiylik kasbining yuksak maqomidan, Qurolli Kuchlar safida xizmat qilish nufuzli hisoblanishidan dalolat beradi, muddatli harbiy xizmatni o‘tagan yoshlarning istiqbolda professional jihatdan o‘sishiga xizmat qilmoqda. Bu respondentlarning javoblari bilan tasdiqlandi, ularning aksariyati (88,6%) “Sizning fikringizcha, mamlakatimizda harbiylik kasbi nufuzli hisoblanadimi?” degan savolga ijobiy javob berishdi.

So‘rov shuni ko‘rsatdiki, mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida xizmat qilish bo‘yicha shaxsiy tajriba ijobiy va foydali ko‘nikmalar sifatida qabul qilinadi. Tadqiqot ishtirokchilarining fikricha, harbiy xizmat yigitlarga juda katta foyda keltiradi, ular uchun yangi istiqbollar va imkoniyatlar eshigini ochadi, yigitlarning chinakam sodiq va fidoyi do‘stlar orttirishiga, ulg‘ayib, kamol topishiga, yanada mas’uliyatli va intizomli bo‘lib yetishishiga xizmat qiladi. So‘rov ishtirokchilari armiya yoshlarni matonatli va mard, Vatanga sadoqatli bo‘lishga o‘rgatadi, deb hisoblaydi. Harbiy intizom yigitlarni o‘z xatti-harakati uchun javob berishga tayyor, kerak bo‘lganda Vatanni himoya qilishga qodir haqiqiy erkaklar qilib tarbiyalash imkonini yaratadi. Respondentlarning fikricha, xizmatni o‘tash davrida yigitlar nafaqat ma’naviy, balki jismonan ham o‘zgaradi, ular kuchli va bardoshli bo‘lishadi; kundalik jismoniy faollik, sport mashg‘ulotlari, muvozanatli sog‘lom ovqatlanish va kun tartibiga qat’iy rioya qilish organizmni mustahkamlashga yordam beradi. So‘rov ishtirokchilarining fikricha, ko‘pchilik uchun harbiy xizmatni o‘tash harbiy xizmatchi, o‘t o‘chiruvchi, favqulodda vaziyatlar xizmati xodimi yoki YHXB xodimi sifatida o‘z martabasini yaratishda birinchi qadam bo‘ladi.

Umuman olganda, jamoatchilik fikri so‘rovi natijalari shuni ko‘rsatdiki, Vatan himoyachilari kuni ko‘pchilik o‘zbekistonliklar uchun muhim sana hisoblanadi, u fuqarolar tomonidan zamonaviy O‘zbekistonning asosiy bayramlaridan biri, mardlik, vatanparvarlik va o‘z mamlakati va xalqiga sodiqlik ramzi sifatida qabul qilinadi. Olingan ma’lumotlar tahlili mamlakatimizda yurt mustaqilligi va xavfsizligini ta’minlashga, davlatimizning hududiy yaxlitligi va fuqarolarning tinch-osoyishta hayotini himoya qilishga shay zamonaviy, jangovar armiya yaratilganidan faxrlanishlarini tasdiqlaydi. So‘rov ishtirokchilari O‘zbekiston Qurolli Kuchlari Vatanimiz mustaqilligi, xalqimizning tinch-osuda hayoti va farovonligi, demokratik islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishning ishonchli kafolati hisoblanishiga qat’iy ishonadilar.