23.05.2026
7
OʻZBEKISTONDA KITOBXONLIK MADANIYATINI YUKSALTIRISH YOʻLIDA YANGI BOSQICH
Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Xalqaro kongress markazida Milliy kitobxonlik harakatiga start berish marosimi boʻlib oʻtdi. Davlat rahbari kitob mutolaasi inson maʼnaviyati, intellektual salohiyati va jamiyat taraqqiyotining muhim omili ekanini taʼkidlab, aholi oʻrtasida kitobxonlik madaniyatini keng targʻib qilish, yosh avlodni mutolaaga oshno etish va milliy adabiyotni qoʻllab-quvvatlash bugungi kunda strategik ahamiyat kasb etayotganini qayd etdi.
Soʻnggi yillarda mamlakatda kitobxonlikni rivojlantirish, kutubxona tizimini modernizatsiya qilish, milliy va jahon adabiyoti durdonalarini keng ommalashtirish, kitob mahsulotlari nashri va tarqatilishini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Milliy kitobxonlik harakati ana shu jarayonlarni yangi bosqichga olib chiqish, jamiyatda mutolaa muhitini kuchaytirish hamda kitobni maʼnaviy taraqqiyotning asosiy vositasi sifatida qaror toptirishga xizmat qiladi.
“Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan oʻtkazilgan “Fuqarolar kitob mutolaasi toʻgʻrisida: qiziqish va afzalliklar” mavzusidagi jamoatchilik fikri soʻrovi natijalari ham mamlakatda kitobxonlikka boʻlgan qiziqish sezilarli darajada ortib borayotganini koʻrsatdi.
Mazkur tadqiqot aholining kitob mutolaasiga munosabati, mutolaa madaniyati, janrlar boʻyicha afzalliklari, kitob tanlash usullari va kitobxonlikka toʻsqinlik qiluvchi omillarni tahlil qilishga qaratildi.
Tadqiqot natijalariga koʻra, kitobxonlik faolligida ijobiy dinamika kuzatilmoqda. Xususan, har kuni kitob mutolaa qiladigan fuqarolar ulushi 2025 yildagi 10,2 foizdan 2026 yilda 16,4 foizgacha oshgan. Shu bilan birga, deyarli kitob oʻqimaydiganlar ulushi 59,9 foizdan 38,6 foizgacha qisqargan. Bu esa jamiyatda kitobga boʻlgan ehtiyoj va qiziqish tobora ortib borayotganini anglatadi.
Soʻrov maʼlumotlari kitob mutolaasi ayniqsa yoshlar va yuqori maʼlumotli qatlam orasida keng tarqalganini koʻrsatdi. 18–24 yoshli respondentlar orasida deyarli kitob oʻqimaydiganlar ulushi boshqa yosh toifalariga nisbatan ancha past boʻlgan. Oliy va toʻliqsiz oliy maʼlumotli fuqarolar esa eng faol kitobxon qatlam sifatida qayd etildi.
Tadqiqot natijalariga koʻra, ayollar erkaklarga nisbatan koʻproq mutolaa qiladi. Har kuni kitob oʻqiydigan ayollar ulushi 21,2 foizni tashkil etgan boʻlsa, erkaklar orasida deyarli kitob oʻqimaydiganlar ulushi yuqoriroq qayd etilgan.
Janrlar boʻyicha tahlillar badiiy adabiyot eng ommabop yoʻnalish ekanini koʻrsatdi. Respondentlarning yarmidan koʻprogʻi roman va hikoyalarni mutolaa qilishini bildirgan. Shuningdek, diniy va tarixiy adabiyotlarga qiziqish yuqori ekani aniqlangan. Bu holat jamiyatda maʼnaviy qadriyatlar, milliy tarix va madaniy merosga qiziqish tobora kuchayib borayotganidan dalolat beradi.
Soʻrov natijalari milliy adabiyotning ustuvorligini ham namoyon qildi. Respondentlarning 71,4 foizi oʻzbek mualliflari asarlarini afzal koʻrishini bildirgan. Ayniqsa, mumtoz oʻzbek adabiyotiga qiziqish yuqori darajada saqlanib qolmoqda.
Tadqiqotda fuqarolarning asosiy qismi kitoblarni oʻzbek tilida mutolaa qilishi maʼlum boʻldi. Oʻzbek tili mutolaa tili sifatida mutlaq yetakchilikni saqlab qolmoqda. Bu esa milliy til va adabiy merosning jamiyat maʼnaviy hayotidagi oʻrni mustahkam ekanini koʻrsatadi.
Kitob mutolaasi shakllari tahlili bosma kitoblar hanuz asosiy oʻrinni egallab turganini koʻrsatdi. Respondentlarning aksariyati anʼanaviy bosma kitoblarni afzal koʻrishini bildirgan. Elektron kitob va audiokitoblardan foydalanish darajasi nisbatan pastligicha qolmoqda.
Fuqarolar kitob mutolaasini asosan maʼnaviy hordiq, dunyoqarashni kengaytirish, tafakkur va tasavvurni rivojlantirish vositasi sifatida qabul qilmoqda. Respondentlarning katta qismi kitobni sevimli mashgʻulot va mazmunli dam olish shakli sifatida baholagan.
Tadqiqot shuni ham koʻrsatdiki, kitobxonlikka toʻsqinlik qilayotgan asosiy omil vaqt taqchilligi hisoblanadi. Shu bilan birga, aholining aksariyatida kitob mutolaasiga boʻlgan ichki qiziqish saqlanib qolayotgani qayd etildi.
Mazkur natijalar mamlakatda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan davlat siyosati, maʼnaviy-maʼrifiy islohotlar va Prezident tashabbuslarining jamiyatda amaliy samara berayotganini koʻrsatadi. Milliy kitobxonlik harakati esa aholining intellektual salohiyatini mustahkamlash, yoshlarda tanqidiy fikrlash va maʼnaviy barqarorlikni shakllantirish, milliy oʻzlik va madaniy merosni asrab-avaylashda muhim ahamiyat kasb etadi.



