15.05.2023
1692
“OʻZBEKISTONLIKLAR OILA TOʻGʻRISIDA:KOʻRSATMALAR VA USTUVORLIKLAR”
Oila jamiyat taraqqiyotida, yoshlar tarbiyasi
va katta avlod vakillarini qoʻllab-quvvatlashda
birinchi darajali ahamiyatga ega. U har bir inson uchun
ishonchli tayanch hamda dalda boʻlgan va shunday boʻlib qoladi,
unga onalik va otalik baxtini taqdim etadi, oʻsib kelayotgan
yosh avlodning xarakteri va hayotiy qadriyatlarini
tarbiyalaydi va shakllantiradi.
Xalqaro oila kuni arafasida “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazi “Oʻzbekistonliklar oila toʻgʻrisida: koʻrsatmalar va ustuvorliklar” mavzusida sotsiologik tadqiqot oʻtkazdi. Tadqiqotning maqsadi oilaning oʻrni, oilalar farovonligining asosiy omillari va zamonaviy voqelik sharoitida oʻsib kelayotgan yosh avlod tarbiyasi haqida fuqarolarning fikrini oʻrganish, shuningdek, oʻzbekistonliklarning erta nikoh va ajralishlarga boʻlgan munosabatini aniqlash edi.
Har bir oʻzbekistonlikning hayotida oilaning oʻrni muhim ahamiyat kasb etadi. Tarixan va tadrijiy jihatdan Oʻzbekistonda oila har doim ham shaxsni, ham umuman jamiyatni himoya qilish, xavfsizligini taʼminlash va rivojlantirish manbai boʻlib kelgan.
Global oʻzgarishlarga, iqtisodiy va ijtimoiy hayotning koʻplab asoslari isloh qilinayotganiga, dunyo miqyosida jamiyat taraqqiyotining ijtimoiy sohasidagi yangi tendensiyalarga qaramasdan, Oʻzbekistonda oila eng muhim hayotiy qadriyat, milliy anʼana va urf-odatlarning mujassamlashgan maskani, shaxsni shakllantirishning va millatni uzluksiz taraqqiy ettirishning asosi hisoblanadi.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda oilaning rivojlanishi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida va 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasi doirasida global darajada koʻrib chiqilmoqda.
Xususan, mamlakatda oilani mustahkamlash boʻyicha chora-tadbirlar kambagʻallikni bartaraf etish, iqtisodiy salohiyatni koʻpaytirish va taʼlim, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy himoya va bandlik, shuningdek, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qator masalalarni hal etish bilan bir qatorda amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasida oilani mustahkamlash, sogʻlom va baxtli onalik va bolalik uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish haqida gʻamxoʻrlik qilish masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Milliy qadriyatlarga asoslangan va xalqaro huquq normalari va talablariga javob beradigan nikoh va oilaviy munosabatlar hamda oila aʼzolari oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilik bazasi doimiy ravishda takomillashtirilmoqda. Soʻnggi yillarda mamlakatimizda muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan davlat dasturlari oilani mustahkamlashga qaratilmoqda. Mamlakatimizda oilani qoʻllab-quvvatlash va mustahkamlash maqsadida qator normativ-huquqiy hujjatlar, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasi[1], “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini muhofaza qilish toʻgʻrisida”, “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonliklardan himoya qilish toʻgʻrisida”, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarning kafolatlari toʻgʻrisida”[2]gi Qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”[3] Farmoni qabul qilindi, ijtimoiy reabilitatsiya va moslashtirish tizimini takomillashtirish, oilaviy-maishiy zoʻravonlikning oldini olish chora-tadbirlari ishlab chiqilmoqda[4].
“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazi (RJFOʻM) zamonaviy oilaning rivojlanishi masalalarini majmuaviy oʻrganish doirasida har yili oilaviy, shaxslararo munosabatlar, er-xotinlar, ota-onalar va bolalar, er-xotin va ularning ota-onalari oʻrtasidagi munosabatlar monitoringini olib bormoqda, mamlakatda oila tuzilmasining rivojlanishini tavsiflovchi rasmiy statistik maʼlumotlarni qayd etmoqda.
Sotsiologik soʻrov natijalariga koʻra, respondentlar anʼanaviy ravishda oilani oʻz naslini davom ettirish imkoniyati deb biladi, soʻralgan respondentlar oila har bir insonning tayanchi boʻlib, unga oʻz hayotiy maqsadlari va vazifalarini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun kuch va ishonch bagʻishlaydi, deb hisoblashadi. Soʻrov ishtirokchilari oila tarbiyaning asosi hamda shaxsning, umuman jamiyatning axloqini shakllantirish manbai ekanligiga ishonch bildirdilar.
Turmush oʻrtogʻini tanlash va oila qurish bir qator mezonlar asosida amalga oshiriladi, ular orasida demografik, ijtimoiy-iqtisodiy, moddiy-maishiy va psixologik omillar mavjud. Oʻtkazilgan soʻrov jarayonida yoshlarning nikohga kirishi va oila qurishi uchun zarur shart-sharoitlar aniqlandi.
Umuman olganda, soʻrov natijalarining dalolat berishicha, respondentlar oʻzaro muhabbat va yoshlarning ruhiy-hissiy mutanosibligi nikohga kirish uchun asosiy shartlar ekanligiga ishonadilar. Soʻralgan respondentlar moliyaviy mustaqillik, barqaror, doimiy ish yoki daromad manbaining mavjud boʻlishi shartligini aytib oʻtishdi, ular sheriklarning jismoniy sogʻlomligi zarurligiga eʼtibor qaratishdi, bu esa sogʻlom bolalar tugʻilishi uchun zaruriy shartdir.
Nikohning mustahkamligi bir qator ijtimoiy-iqtisodiy va axloqiy-psixologik sabablar bilan belgilanadi, ammo respondentlarning yarmining fikriga koʻra, bir-biriga boʻlgan ishonch va feʼl-atvorlarning oʻzaro mosligi eng muhim hisoblanadi. Oilalarning bir xil madaniy va taʼlim darajasi, teng moddiy va ijtimoiy mavqei, 44,7% respondentlarning fikricha, oilaviy rishtalarning mustahkamligiga, shuningdek, oilada bolalarning mavjudligiga ijobiy taʼsir qiladi (44,2%).
Oila qurish usullari haqida fikr yuritar ekan, respondentlar Oʻzbekiston jamiyatining asoslari va anʼanalariga amal qilib, ota-onalarning bevosita ishtirokida oila qurishni maqbul yoʻl (42,2%) sifatida alohida taʼkidlashdi va buni bunday nikohlarning mustahkamligidan dalolat beruvchi oʻz kuzatuvlari va hayotiy tajribasi bilan izohladilar, shuningdek, respondentlar, agar yoshlar bir-birlari bilan mustaqil ravishda (ishda, maktabda, taʼtilda, jamoat joylarida va hokazolarda) tanishsalar, barqaror oilalar yaratilishiga ishonch bildirishdi.
Olingan maʼlumotlar tahlilining koʻrsatishicha, oʻzbekistonliklar oʻzaro hurmat va ishonch (58,6%), oʻzaro muhabbat (41,8%), shuningdek, oila aʼzolari oʻrtasidagi oʻzaro tushunish va yordam berishga tayyorlikni oila baxti va farovonligini belgilovchi asosiy omillarga kiritishmoqda.
Oilaning baxt-saodati va farovonligini taʼminlash omillari orasida psixologik omillar ustuvorlik qilishi xarakterlidir va oilaning moddiy-moliyaviy farovonligi, garchi respondentlar tomonidan qayd etilgan boʻlsa ham, asosiy koʻrsatkich hisoblanmaydi.
Erta nikohlar shaxsiy va oilaviy farovonlikka salbiy taʼsir koʻrsatuvchi sabablardan biri hisoblanib, ularning mavjudligi odamlarning oilaviy munosabatlari, ularning oila instituti va ijtimoiy-madaniy meʼyorlar haqidagi qarashlari bilan izohlanadi.
Maʼlumki, erta nikohlar koʻpincha bolalar, ayniqsa, balogʻatga yetgan va oʻsmir qizlar huquqlarining buzilishiga olib keladi, ularning taʼlim olish, iqtisodiy va ijtimoiy hayotda ishtirok etish imkoniyatlarini cheklaydi, ijtimoiy yakkalanishga, ular salomatligining buzilishiga olib keladi.
Telefon soʻrovi oʻzbekistonliklarning erta nikohga munosabatlari haqida maʼlumot olishga imkon berdi. Oʻzbekistonda erta nikohga asosan salbiy va qoralovchi munosabat qayd qilindi (61,6%). Soʻrovning har oʻninchi ishtirokchisi (9,5%) ushbu hodisaga neytral yoki ijobiy munosabatda boʻldi (11,2%), chunki oila qurish bolalar tugʻilishiga olib keladi, bu esa nima boʻlganda ham quvonchli voqea hisoblanadi. 11,2% respondentlar shaxsiy hayotning daxlsizligiga asoslanib, erta nikohni hech kim aralashishga haqli boʻlmagan oilaviy masala deb bilishadi.
Koʻpchilik soʻralganlarning fikricha, quyidagilar erta turmush qurishning asosiy sabablari hisoblanadi: ota-onalarning oʻz farzandlari oilaviy hayotini imkon qadar tezroq tashkil etishga intilishi (40,1%), oilalardagi maʼnaviy va axloqiy tarbiyaning past darajasi (22,8%), erkak va ayolning oʻzaro munosabati masalalarida yoshlarning savodsizligi va (17,2%) va oqibatda rejalashtirilmagan homiladorlik (15,9%).
Shak-shubhasiz, ajralish oilaviy hayotdagi inqirozlarga kiradi, bunda er-xotinlar munosabatlarni barqarorlashtirish va oilaviy hayot jarayonida muqarrar ravishda yuzaga keladigan mavjud muammolar va qarama-qarshiliklarni bartaraf etishga harakat qilmasdan, nikoh munosabatlarini toʻxtatishga qaror qilishadi.
XXI asrda dunyo statistikasida ajralishlar sonining koʻpayishi tendensiyasi mavjud. Bu jihatdan Oʻzbekiston boshqa davlatlar bilan taqqoslaganda oilalarning barqarorligi bilan ajralib turadi, buni ajralishning nisbatan past darajasi - 1000 nafar kishiga 1,4 promille (2022-yilda mutlaq koʻrsatkich boʻyicha 48734) nikohlanishning har 1000 nafar kishiga 7,8 promille boʻlgan darajasi ham tasdiqlaydi[5].
Olingan maʼlumotlarning tahlili, respondentlar ajralishning asosiy sabablari sifatida feʼl-atvorning mos kelmasligi (42,2%) va moddiy muammolarni (34,5%) koʻrsatishayotganini aniqlashga imkon berdi.
Yoshlarning Internetga qaramligi va ijtimoiy tarmoqlarning taʼsirini oilaviy munosabatlarning buzilishiga olib keladigan salbiy omil deb atagan soʻrov ishtirokchilarining solishtirma ulushi (17,7%) yetarlicha yuqori ekanligi juda eʼtiborlidir.
Shuningdek, respondentlar er-xotin xiyonati (13,4%) va qarindoshlarning er-xotinlar hayotiga aralashuvini (12,5%) ajralishning muhim sabablariga kiritishgan.
Respondentlarning yarmidan koʻpi (53,0%) uchun oilada bolalarning mavjudligi, ularning ruhiy muvozanati va farovon kelajagi uchun masʼuliyat ajrashmoqchi boʻlgan er-xotinni tiyib turuvchi kuchli omildir. Soʻrovning har beshinchi ishtirokchisi (21,6%) ajrashishga monelik qiluvchi sabab sifatida qarindoshlarning axloqiy taʼsirini, har oʻninchi (10,3%) respondent esa ajrashishni ragʻbatlantirmaydigan diniy aqidalarni koʻrsatdi.
Oʻzbekistonliklarning mutlaq koʻpchiligi (84,6%) oilaning asosiy maʼnosi va qadriyati bolalarning mavjudligida, degan fikrga qoʻshiladilar.
Oilaning asosiy vazifasi farzandni dunyoga keltirish ekanini tasdiqlagan holda, oʻzbekistonliklar ota-onalarning oʻz farzandlari oldidagi masʼuliyati koʻlamini anglaydilar va, birinchi navbatda, ota-onalarning farzandlarga yaxshi tarbiya va taʼlim berish burchini alohida taʼkidlab oʻtdilar.
Respondentlar, shuningdek, yaxshi yashash sharoitlarini yaratishni ota- onalarning bolalar oldidagi masʼuliyati sohalariga kiritishdi.
Soʻrov ishtirokchilarining fikriga koʻra, Oʻzbekistonda oila qotib qolgan dogma emas, balki mamlakat va butun dunyo siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotida roʻy berayotgan oʻzgarishlar taʼsiri ostida oʻzgarmoqda. Biroq onalik va otalik, anʼanaviy monogamiya, oila aʼzolari oʻrtasidagi hurmat va muhabbat, oilada yoshi kattalarning alohida oʻrni kabi qadriyatlar oʻzbekistonliklarning zamonaviy oilasi uchun oʻzgarishsiz qolmoqda. Yoshi ulugʻlarni hurmat qilish oʻzbekistonliklar axloqining asosiy tamoyilidir. Shunga asoslanib xulosa qilish mumkinki, oilaning oʻzbekistonliklar uchun qadriyat sifatidagi ahamiyati shubhasizdir. 53,2% respondentlar soʻnggi 10 yil ichida oila jamiyatning ijtimoiy birligi sifatida yanada mustahkam va barqaror boʻlganiga ishonch bildirishdi, soʻralganlarning har oʻninchisi (9,5%) oila oʻzgarmagan deb hisoblaydi, 47,0% soʻrov ishtirokchilari zamonaviy oilaning mustahkamligi tashqi geosiyosiy va iqtisodiy salbiy omillar taʼsiri ostida biroz zaiflashishi mumkin, deya tashvish bildirdilar.
Oʻtkazilgan tadqiqot oila jamiyatning birligi sifatida uning ajralmas tarkibiy qismi hisoblanadi, degan xulosaga kelishga imkon beradi. Jamiyat hayoti ham oila hayoti bilan bir xil maʼnaviy va moddiy jarayonlar bilan tavsiflanadi.
Agar jamiyat va davlatning oilaviy siyosati oilaning uzluksiz rivojlanishining asosiy sharti sifatida uning sub’yektivligini shakllantirishga, shuningdek, uni ijtimoiy-iqtisodiy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan boʻlsa, oilaning doimiy ravishda oʻzgarib turadigan tashqi sharoitlarga moslashish jarayoni tezroq va muvaffaqiyatli boʻladi.
Oʻtkazilgan jamoatchilik fikri soʻrovi oila mamlakatimiz fuqarolari uchun noyob va doimiy qadriyat ekanligini koʻrsatdi. Oʻzbekistonliklar oʻzlarini oila, sevgi-muhabbat, bolalar, gʻamxoʻrliklar, oilaviy va qarindoshlik munosabatlaridan ayri his qilmaydilar. Jamoatchilik fikrida oila bardavom hayotiy qadriyat, jamiyatning axloqiy tayanchi, maʼnaviyat maskani, milliy anʼana va urf-odatlarni asrab-avaylash markazi hamda munosib avlod tarbiyasini taʼminlaydigan asosiy ijtimoiy institut boʻlib kelgan va shunday boʻlib qolmoqda.
[1] Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2018-yil 27-iyundagi PQ-3808-son Qarori.
[2] Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini muhofaza qilish toʻgʻrisida” 2019-yil 11-martdagi OʻRQ-528-son Qonuni; Oʻzbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonliklardan himoya qilish toʻgʻrisida” 2019-yil 2-sentabrdagi OʻRQ-561-son Qonuni; Oʻzbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarning kafolatlari toʻgʻrisida” 2019-yil 2-sentabrdagi OʻRQ-562-son Qonuni.
[3] Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Farmoni, Qonunchilik hujjatlarining milliy bazasi, 2022-yil 7-mart, № 06/22/87/0198
[4] Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish, shuningdek, oilaviy-maishiy zoʻrlik ishlatishning oldini olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 2-iyuldagi PQ-3827-son Qarori.
[5] html https://stat.uz/ru/press-tsentr/novosti-goskomstata/33757-o-zbekistonda-2022-yil-davomida-qancha-nikohdan-ajralish-holatlari-qayd-etildi-2