14.08.2026
21
“SOTSIOLOGIK SO‘ROVDA SAVOL TURLARI VA ULARNING MOHIYATI” MAVZUSIDA O‘QUV-TRENING MASHG‘ULOTI BO‘LIB O‘TDI
«Ijtimoiy fikr» Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazining CATI tadqiqotlar bo‘limi mutaxassislari uchun «Sotsiologik tadqiqotlarda savol turlari va ularning mohiyati» mavzusida navbatdagi o‘quv-trening o‘tkazildi.
Treningdan ko‘zlangan asosiy maqsad mutaxassislarning sotsiologik tadqiqotlarda qo‘llaniladigan savol turlari va shakllari haqidagi bilimlarini mustahkamlash, intervyu jarayonining metodologik sifatini oshirish hamda savollarni respondentlarga aniq, xolis va tushunarli tarzda yetkazish ko‘nikmalarini rivojlantirishdan iborat bo‘ldi. Shuningdek, intervyu davomida yuzaga kelayotgan muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etishning samarali usullari ko‘rib chiqildi
Mashg‘ulot davomida mutaxassislar faoliyatida uchrayotgan asosiy xatolar tahlil qilinib, ularning kelib chiqish sabablari muhokama qilindi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida takrorlanishining oldini olish bo‘yicha tegishli tushuntirishlar hamda amaliy tavsiyalar berildi.
Intervyu jarayonida xatolar ulushini kamaytirish, yig‘ilayotgan ma’lumotlarning aniqligi va ishonchliligini ta’minlash, shuningdek, belgilangan tadqiqot standartlari hamda metodologik talablarga qat’iy rioya etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Trening yakunida mutaxassislarning faoliyat natijalari asosida shakllantirilgan reyting ko‘rsatkichlari taqdim etildi. Faoliyat samaradorligi nisbatan past bo‘lgan intervyuverlar bilan individual tushuntirish ishlari olib borilib, ularning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish va ish sifatini yaxshilash bo‘yicha manzilli tavsiyalar berildi.
Mazkur o‘quv-trening CATI intervyularining metodologik sifatini oshirish, savollarni respondentlarga mazmunan to‘g‘ri yetkazish hamda sotsiologik tadqiqotlar doirasida olinadigan ma’lumotlarning ishonchliligini ta’minlashga xizmat qiladi.




