721

ZAMONAVIY OʻZBEKISTONDA XOTIN-QIZLARNING ROLI TOʻGʻRISIDA FUQAROLARNING FIKRI

Yangi Oʻzbekistonda xotin-qizlar mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga munosib hissa qoʻshmoqdalar, ular jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayotining barcha sohalarida faoliyat koʻrsatib, davlat hokimiyati va jamoat tashkilotlari faoliyatida keng ishtirok etishmoqda, yosh avlod tarbiyasiga, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy soha, sanoat, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalarni rivojlantirishga hissa qoʻshmoqda.

BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish dasturining asosiy maqsadlaridan biri gender tenglikka erishish hisoblanadi. 2022-2026-yillarda mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha sohalarida xotin-qizlarning faolligini oshirish boʻyicha qabul qilingan Milliy dastur erkaklar va ayollar tengligiga erishish, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini roʻyobga chiqarishda ularni qoʻllab-quvvatlash samaradorligini oshirish, ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada kuchaytirish, salomatligini mustahkamlash, xotin-qizlarning taʼlimi va tarbiyasi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, ularning ilmiy salohiyatini, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy faolligini oshirish, jamiyatdagi rolini kuchaytirish va davlat boshqaruvidagi ishtirokini faollashtirish uchun kuchli turtki boʻldi.

Xalqaro xotin-qizlar kunini nishonlash arafasida “Ijtimoiy fikr”  respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazi tomonidan telefon soʻrovi oʻtkazildi, unda mamlakatimizning shahar va qishloq joylarida yashovchi 18 va undan katta yoshdagi, turli millat va ijtimoiy guruhlar vakillari, turli sohalar va ishlab chiqarish tarmoqlarida band boʻlgan fuqarolar soʻraldi.

Oʻtkazilgan tadqiqot natijalari Oʻzbekistonda xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan tizimli islohotlar samarasidan dalolat beradi.

Jamoatchilik fikrida ayollarning onalik, bolalar va oila bilan bogʻliq anʼanaviy roli haqidagi istisnosiz tasavvurlarda oʻzgarishlar yuz bermoqda. Aksariyat (78,3%) soʻrov ishtirokchilarining taʼkidlashicha, jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida xotin-qizlarning oʻrni tobora ortib bormoqda, respondentlar Oʻzbekiston ayollari oilaviy hayot va kasbiy faoliyatni muvaffaqiyatli uygʻunlashtirib, jamiyat va davlat boshqaruvida oʻzini yanada faol namoyon qilayotganiga ishonadilar.

Bugungi kunda xotin-qizlarda oʻzlarining maʼnaviy, ijodiy, intellektual salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun keng imkoniyatlar mavjuddir va soʻrov natijalarining koʻrsatishicha, mamlakat fuqarolarining mutlaq koʻpchiligi, ham erkaklar, ham ayollar, keksa avlod vakillari va yoshlar xotin-qizlarning oʻsib borayotgan faolligini, oʻzlarini nafaqat anʼanaviy “ayollarga xos sohalarda” roʻyobga chiqarayotganini, balki martabasida, tadbirkorlik faoliyatida muvaffaqiyatga erishayotganini, davlat boshqaruvida yuqori lavozimlarni egallayotgan ayollar soni oʻsib borayotganini ijobiy qabul qilmoqdalar. 80,2% soʻrov ishtirokchilarining fikricha, barcha sohalarda ayollar rolining ortib borishi ijobiy xususiyatlarga egadir. Ayollar professional jihatdan yaxshi tayyorgarlikka ega boʻlib, ular oʻz sohalarida malakali, tashabbuskor, bilimli, yuqori intellektual va ijodiy salohiyatli kishilar hisoblanadi, respondentlar ayollarni erkaklardan kam boʻlmagan salohiyatli rahbarlardir, deb hisoblashadi, ayni paytda ayollar oʻzaro insoniy munosabatlarga va xodimlarga nisbatan koʻproq eʼtiborli hamdir. Soʻrov davomida fuqarolar xotin-qizlar faqat “ayollik” xususiyatlari va feʼl-atvor qirralari tufayli muhim masalalarni hal qila olishlari mumkinligini hamda bu jamiyat va davlat hayotining ayollar faoliyat yuritayotgan barcha sohalariga tegishli ekanligini taʼkidladilar.

Soʻrov ishtirokchilari mamlakat va jamiyat hayotining turli sohalarida erkaklar va ayollar huquqlarining toʻliq tengligi toʻgʻrisidagi qoidaning amalga oshirilish darajasini baholadilar.

Soʻralgan respondentlarning mutlaq koʻpchiligi, erkaklar va ayollar teng saylov huquqiga ega ekanligiga, yaʼni ular Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida kafolatlangan, davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqidan foydalanishlari mumkinligiga ishonadilar. 18-24 yosh guruhidagi respondentlar orasida bu koʻrsatkich 89,6%ga yetdi.

79,4% soʻralganlarning fikricha, yigit-qizlarning taʼlim olish huquqi tengdir. Buni mamlakatimizning barcha hududlarida, shahar va qishloq joylarida yashovchi barcha yosh guruhlaridagi respondentlarning aksariyati qayd etdi.

Respondentlar mulkka egalik huquqi (76,9%), mehnat qilish huquqi (73,9%), mehnatga teng haq olish huquqi (71,1%), tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqi (77,6%) kabi iqtisodiy huquqlarni amalga oshirishda erishilgan tenglikni qayd etdilar.

Soʻrov natijalariga muvofiq, erkaklar va ayollar oʻrtasidagi eng koʻp tenglikka reproduktiv salomatlik, jumladan, bolalar tugʻilishi, ularning tugʻilish vaqti va bolalar tugʻilishidagi oraliqlar toʻgʻrisida erkin va mustaqil qaror qabul qilish huquqi, shuningdek, ushbu masalalar boʻyicha maʼlumot olish huquqini qamrab oladigan reproduktiv huquq sohasida erishilgan. Mutlaq koʻpchilik (80,4%) respondentlarning fikricha, erkaklar va ayollar oila qurish va ajralish huquqida tengdirlar. Oilada qaror qabul qilish huquqiga kelsak, 67,7% respondentlar bu masalada erkaklar va ayollar oʻrtasidagi tenglikni koʻrsatishgan, har toʻrtinchi respondentning fikriga (24,2%) koʻra, teng huquqlilikka  qisman rioya qilinmoqda.

Oʻtkazilgan soʻrovning tasdiqlashicha, jamiyatning faqat erkak yoki ayollarga xos sohalarga boʻlinishi toʻgʻrisidagi gender stereotiplar hali ham mavjuddir. Shunday qilib, 13% soʻralganlarning fikricha, ayollar faqat uy ishlarini bajarish, eriga gʻamxoʻrlik qilish va bolalar tarbiyasi bilan shugʻullanishlari kerak. Shu bilan birga, soʻrovda qatnashgan fuqarolarning aksariyati (80%) bunday bidʼatlarga qoʻshilmaydi, ular ayollar va erkaklar teng huquq va imkoniyatlarga ega ekanligini tan olishadi va ayol har qanday sohadagi faoliyatni, xoh u martabada oʻsish boʻlsin, xoh u ijodiy faoliyat yoki tadbirkorlik boʻlsin, oila va oʻzligini roʻyobga chiqarishni uygʻunlashtira oladi. Taʼkidlash kerakki, yoshlar orasida shaxsiy rivojlanish, oʻz salohiyatini  roʻyobga chiqarish, oʻzini namoyon qilish kabi qadriyatlar keng tarqalgan boʻlib, ular boshqa yosh toifalari vakillariga qaraganda xotin-qizlar oʻzlarini faqat oila yumushlari va farzandlarni dunyoga keltirish bilan cheklamasliklari kerak, deb koʻproq hisoblaydilar.

Tadqiqotda ayolning uydan tashqaridagi bandligi nikohning mustahkamligiga qanday taʼsir koʻrsatishi haqida fuqarolarning fikri oʻrganildi. Eng keng tarqalgan fikr shundan iboratki, ayol uchun pullik ishning mavjudligi nikohni mustahkamlashga yordam beradi, chunki ishlaydigan ayol oilada va jamiyatda yuqori mavqega ega boʻladi, oila farovonligiga hissa qoʻshadi. 42,8% soʻrov ishtirokchilari ana shunday fikrdalar.

18,9% respondentlar ushbu muammoga qarama-qarshi baho berishdi, ular  ayolda pullik ishning mavjudligi uning nikohini zaiflashtiradi, deb hisoblashadi: moliyaviy mustaqillikka erishgan, mehnat jamoasida ijtimoiylashgan, qiziqishlari doirasi faqat uy va oilaviy munosabatlar bilan chegaralanmagan ishlovchi ayol, nikohning sifatiga yanada yuqoriroq talablar qoʻyadi va agar nikoh uning oʻzaro teng birlik haqidagi tasavvurlariga  mos kelmasa, uni bekor qilishi mumkin.

Shuningdek, respondentlarning bir qismi ishning mavjudligi nikohning mustahkamligiga taʼsir qilmaydi va oiladagi nizolar boshqa turli sabablarga koʻra yuzaga keladi deb hisoblaydi.

Tadqiqot jarayonida Oʻzbekiston ayollarining oʻz hayotlarining asosiy mazmuni nimadan iborat ekanligi, ularning hayotda qanday maqsadlarga egaligi va ularni nimalar chinakam baxtli qilishi haqidagi fikrlari aniqlandi. Tadqiqotda olingan natijalarning koʻrsatishicha, “ayollik baxti” tushunchasi respondent ayollarning yoshi, maʼlumoti va rivojlanish darajasiga qarab oʻzgaradi, lekin koʻpchilik ayollar uchun eng katta baxt oila ekanligiga boʻlgan ishonch ularni  birlashtiradi. Yosh va hali turmushga chiqmagan qizlar uchun ota-onalarning salomatligi va farovonligi, aka-uka va opa-singillarning muvaffaqiyati – baxt hisoblanadi. Turmush qurgan ayollar uchun baxt tushunchasi turmush oʻrtogʻi va bolalarini, oʻz oilasining farovonligi va uydagi toʻkin-sochinlikni anglatadi. Agar ayol oilaviy hayotda hamohanglikka erishsa, oʻzini kasbiy namoyon etish va martabadagi omadli oʻsishlar ham uning uchun baxt va hayotiy maqsaddir. Soʻrov ishtirokchilari uchun salomatlik, moddiy farovonlik, mahalla, jamiyat, umuman mamlakat hayotida faol ishtirok etish baxtli va muvaffaqiyatli hayotning muhim tarkibiy qismlaridir.

Soʻrov Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida oʻtkazilganligi bois, tadqiqot ishtirokchilari yaqinlashib kelayotgan bayram munosabati bilan munis  ayollarimizga iliq tilaklar va tabriklar izhor etishdi. Erkak respondentlar gʻamxoʻrlik va mehribonlik, sabr-toqat va donolik, bitmas-tuganmas iliqlik va eʼtibor uchun barcha onaxonlar, buvijonlar, opa-singillar va rafiqalariga minnatdorchilik bilan ehtirom koʻrsatdilar. Ular Oʻzbekiston ayollarining yutuq va muvaffaqiyatlarini eʼtirof etib, xotin-qizlarga baxt-saodat, sihat-salomatlik, mehr-muhabbat tilaklarini bildirishdi. Soʻrovda ishtirok etgan erkaklar ayollarning ijtimoiy va kasbiy faoliyatida, fan va madaniyatda, sanʼat va sportda erishayotgan natijalari bilan faxrlanadilar. Tadqiqot ishtirokchilari ayollar boʻlgan joyda batartiblik, xotirjamlik, kelajakka ishonch borligiga ishonadilar. Soʻrovda ishtirok etgan ayollar 8-Martni ezgulik, goʻzallik va hamohanglik ramzi sifatida qabul qilishadi, ular uchun xotirjamlik va muvozanatni saqlash juda muhim, xotin-qizlar oʻzlarini roʻyobga chiqargan har qanday sohada ular, eng avvalo, atrof-olamni yanada goʻzalroq, yorqinroq va quvonchliroq qilishga intilishadi va oʻzlari uchun baxt-saodat, sogʻliq-salomatlik, muvaffaqiyatlar va barcha orzu-istaklarning roʻyobini tilaydilar.