Sog‘liqni saqlash sohasida shaffoflik, adolat, tibbiy xizmat sifatini oshirish nuqtai nazaridan amaliy va ta’sirchan choralar deyarli ko‘zga tashlanmayapti. O‘zbekiston Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev bugun, 24 kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida korrupsiya holalari hamda ularni keltirib chiqarayotgan shart-sharoitlarni muhokama qilishga bag‘ishlangan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishda shu haqda aytib o‘tdi.
“E’tibor bering! 2018 yilda “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik Markazi o‘tkazgan so‘rovda ishtirok etganlarning 34 foizi sog‘liqni saqlash tizimida korrupsiya keng tarqalgan degan fikrni bildirgan bo‘lsa, 2019 yilda bu salbiy ko‘rsatkich 43 foizni tashkil etgan.
Avvalo, har qanday tizim, har qanday sohaga xalq, keng jamoatchilik bahosidan xolis baho yo‘q, desak adashmagan bo‘lamiz”, deydi Yo‘ldoshev.
Bosh prokurorning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi uch yilda ushbu sohaga oid 170 dan ortiq hujjat qabul qilingan.
Sohani moliyalashtirish hajmi ham yildan-yilga ortib bormoqda. Jumladan, 2018 yilda tibbiyot sohasiga 9 trln 300 mlrd so‘m ajratilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 30 foizga ortib, 12 trln 100 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Kelgusi yilda esa, sohaga 2 trln 800 mlrd so‘m yoki 23 foiz ko‘p mablag‘ yo‘naltirish rejalashtirildi.