20.03.2024
217
Navroʻz asrlar qaʼridan bizgacha yetib kelgan eng yorqin va serjilo xalq bayramlaridan biri hisoblanadi. BMT Bosh Assambleyasining 2010 yilning 23 fevralida boʻlib oʻtgan 64-sessiyasida 21 mart Xalqaro Navroʻz kuni sifatida eʼtirof etilgan.
Oʻzining noyob, betakror fazilatlari bilan ezgulik va taraqqiyotga xizmat qilayotgan ushbu bayramning beqiyos ahamiyatini inobatga olib, uni yuksak tashkiliy saviyada oʻtkazish maqsadida Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoev mamlakat hukumatiga “Olam nurga toʻlsin, sen bilan, Navroʻz!” shiori ostida umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni yuqori tashkiliy saviyada oʻtkazish boʻyicha topshiriq va tavsiyalar berdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2024 yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarorida[1] Navroʻz bilan bogʻliq xalq urf-odatlari va anʼanalarini qayta tiklash va asrab-avaylashga, butun tirik mavjudotning bahorgi uygʻonishi, insonning tabiat bilan uygʻunligi, jonajon diyorimizga nisbatan mehr va gʻamxoʻrlik namunalari bilan bogʻliq bayramning bosh gʻoyasi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, xalqimiz hayoti, ongi va dunyoqarashidagi ijobiy oʻzgarishlar bilan hamohangligiga alohida eʼtibor qaratilgan.