29.12.2023
187
Kirib kelayotgan Yangi 2024 yil arafasida “Ijtimoiy fikr” RJFO‘M fuqarolarning bayramoldi kayfiyatiga bag‘ishlangan jamoatchilik fikri so‘rovini o‘tkazdi. So‘rovda mamlakatimizning barcha mintaqalarida istiqomat qilayotgan fuqarolar, erkaklar va ayollar, yoshlar, o‘rta va katta yosh toifalari vakillari, turli millat kishilari, turli faoliyat sohalarida band bo‘lganlar ishtirok etdilar.
O‘tkazilgan jamoatchilik fikri so‘rovi natijalari shuni tasdiqladiki, Yangi yil - o‘zgacha bayram, u oilaviy bayram sifatida nishonlanadi va O‘zbekistonliklarni birlashtiruvchi ahamiyat kasb etadi, kattalar ham va bolalar ham uni birdek yaxshi ko‘rishadi, bu bayram ertaklar, sehr-afsun va ajoyib mo‘jizalarga yo‘g‘rilgan yagona bayram hisoblanadi. Go‘zal yurtimizning har bir maskanida, shahar va qishloqlarda rang-barang o‘yinchoqlar-u yaraqlayotgan turli xil chiroqlar bilan bezatilgan archalar, shoda-shoda yangi yil marjonlari, yoqimli bayram taraddudi, oila a’zolari va do‘stlar uchun sovg‘alar xaridi, Yangi yilning bayram dasturxoni taomnomasini tuzish va ularni tayyorlash bo‘yicha yoqimli tashvishlar hamma-hammada quvonch va baxt, quvnoqlik va qalban iliqlik hissiga to‘la o‘ziga xos ehtirosli kayfiyat uyg‘otadi.