17

“YANGI OʻZBEKISTONDA FAROVON OILA MODELI: MILLIY TAJRIBA, ILMIY TAHLIL VA INNOVATSION YONDASHUVLAR” XALQARO ILMIY-AMALIY KONFERENSIYA BOʻLIB OʻTDI

Joriy yilning 19 may kuni Toshkent shahridagi “Renessans” kino uyida “Yangi Oʻzbekistonda farovon oila modeli: milliy tajriba, ilmiy tahlil va innovatsion yondashuvlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi. Mazkur anjuman Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi huzuridagi Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti tashabbusi bilan tashkil etildi.

Xalqaro konferensiya oila institutini mustahkamlash, gender tenglikni taʼminlash, demografik barqarorlikni qoʻllab-quvvatlash, oilaviy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda raqamli transformatsiya sharoitida farovon oila modelini shakllantirishning zamonaviy mexanizmlarini muhokama qilishga bagʻishlandi. Anjuman davlat tashkilotlari, xalqaro institutlar, ilmiy-tadqiqot markazlari, oliy taʼlim muassasalari va ekspert doiralari oʻrtasidagi konstruktiv muloqot va tajriba almashuvining muhim platformasiga aylandi.