19.10.2024
86
HURMATLI HAMKASBLAR, OʻQITUVCHILAR, TADQIQOTCHILAR VA TALABALAR!
Ijtimoiy fikr respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi direktori Raximova Nigina Xayrullayevna tomonidan ishlab chiqilgan sotsiologiyada ilmiy yondashuvlarni oʻzlashtirishga va yuqori sifatli ijtimoiy tadqiqotlar olib borishga intilayotgan har bir kishi uchun keng qamrovli va chuqur manba boʻlib xizmat qiladigan “Sotsiologik tadqiqotlarning metodologiyasi, metodi va texnikasi” nomli oʻquv-uslubiy qoʻllanmani eʼtiboringizga havola qilishdan mamnunmiz. Ushbu nashr sotsiologik metodologiyaning nazariy bilimlari va amaliy jihatlarini oʻzida mujassam etgan noyob manba hisoblanadi.
Mazkur oʻquv-uslubiy qoʻllanma tadqiqot gipotezasini ishlab chiqishdan tortib olingan maʼlumotlarni amaliy izohlashgacha boʻlgan sotsiologik tadqiqotlarning asosiy bosqichlari va jihatlarini qamrab oladi. Qoʻllanma oʻquvchiga tadqiqotning dastlabki bosqichlaridan ilmiy jarayonning barcha bosqichlarini toʻliq tushunishga yordam beradi.
Xususan, sotsiologiyaning metodologik asoslari – tadqiqotning falsafiy va ilmiy asoslari, paradigmalar va yondashuvlar oʻrtasidagi farqlar hamda ishonchli va asosli tadqiqotlarni qurish tamoyillari haqida tushuncha beradigan sotsiologiyaning asosiy metodologik tushunchalarini chuqur koʻrib chiqish imkonini beradi.
Sotsiologik tadqiqot usullaridan boʻlsa zamonaviy sotsiologiyada qoʻllaniladigan asosiy metodlar keltirilgan boʻlib: miqdoriy usullar soʻrovlar, tajribalar, statistik tahlillar va ularning ijtimoiy hodisalarni obyektiv baholashga qoʻshgan hissasi, shuningdek sifatiy usullardan ijtimoiy hodisalarning chuqur maʼnolarini ochib beruvchi metodlar yaʼni intervyu, kuzatishlar, fokus-guruhlar haqida keng yoritilgan.
Qoʻllanma nazariy jihatlarni ham, amaliy koʻrsatmalarni ham oʻzida birlashtiradi. U yangi boshlanuvchi tadqiqotchilar va oʻz bilimlarini chuqurlashtirishni xohlaydigan tajribali mutaxassislar tomonidan foydalanish uchun moʻljallangan.
Shuningdek, qoʻllanmada olingan bilimlarni amaliyotda qoʻllash, maʼlumotlarni samarali toʻplash va tahlil qilish boʻyicha batafsil koʻrsatmalar va misollar keltirilgan.
Mazkur qoʻllanmadan: bakalavr va magistratura bosqichi talabalari uchun –sotsiologiya fanining metodologiyasi va metodlari, texnikasini oʻrganishda, shuningdek kurs ishlari, tezis va dissertatsiyalarni tayyorlashda;
oʻqituvchilar uchun — sotsiologik tadqiqot usullari boʻyicha seminarlar va maʼruzalar tashkil etishda;
amaliyotchilar va tadqiqotchilar — yuqori sifatli tadqiqot loyihalarini ishlab chiqish va ijtimoiy maʼlumotlarni tahlil qilishda maqbul yondashuvlarni tanlashga ajralmas manba boʻlib xizmat qiladi.
Ushbu oʻquv-uslubiy qoʻllanma ijtimoiy fanlar jamiyatdagi dinamik oʻzgarishlarga tez javob qaytarishi lozim boʻlgan davr talablariga javob beradi. U oʻquvchilarni nafaqat oʻz tadqiqotini loyihalash, balki natijalarni xolisona izohlash uchun bilimlar bilan qurollantiradi, ijtimoiy jarayonlarni tushunishda ilmiy usullardan foydalanish muhimligini taʼkidlaydi.
“Sotsiologik tadqiqotlarning metodologiyasi, metodi va texnikasi” jamiyatni ilmiy bilish sanʼatini egallashda, ijtimoiy oʻzaro taʼsirlar asosidagi murakkab qonuniyatlarni ochib berishda ishonchli yordamchiga aylanadi.
Inson va jamiyat ilmiga ishtiyoqi baland har bir insonning kitob javonidan albatta oʻz oʻrnini topadi degan umiddamiz.