63

OʻZBEKISTON: DAVLAT MUSTAQILLIGINING – 33 YILLIGI JAMOATCHILIK FIKRI KOʻZGUSIDA

Oʻzbekiston mamlakatimiz va jamiyat hayotidagi muhim tarixiy sana hisoblangan mustaqillikning 33 yilligini nishonlashga qizgʻin tayyorgarlik koʻrmoqda.

“Ijtimoiy fikr” RJFOʻM yurtimiz uchun anʼanaviy boʻlib qolgan, 2024 yilning milliy ong uchun asosiy voqeasi – Mustaqillik kunini nishonlashga bagʻishlangan jamoatchilik fikri soʻrovini oʻtkazdi. Tadqiqot davomida olingan maʼlumotlar oʻzbekistonliklarning muhim sana arafasidagi ijtimoiy kayfiyatini, fuqarolarning mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligiga bergan bahosini, turli mintaqalar aholisining ular hayotida, jamiyatda, umuman davlatda roʻy berayotgan oʻzgarishlar haqidagi fikrlarini aks ettiradi. Tadqiqotning ustuvor yoʻnalishlaridan biri oʻzbekistonliklarning Mustaqillik kuniga boʻlgan munosabatini va ular ushbu davlat bayramiga qanday mazmun berishini aniqlashdan iborat boʻldi.

Markaz tomonidan oʻtkazilgan tadqiqotlar natijalari shuni tasdiqlab turibdiki, Mustaqillik kuni bayrami nishonlanib kelayotgan barcha yillar mobaynida ushbu sana Oʻzbekiston oʻz taraqqiyotining har bir bosqichini bosib oʻtgani sayin tobora koʻproq ramziy maʼno kasb etmoqda.

Mustaqillik kuni oʻz mamlakati, uning tarixi va anʼanalari, madaniy merosi va maʼnaviy qadriyatlari bilan faxrlanadigan, Oʻzbekistonning buguni va kelajagi, farovonligi, barqarorligi va ravnaqi uchun oʻz masʼuliyatini aniq anglaydigan barchani birlashtiradi.