01.06.2023
281
Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni
Bolalarni himoya qilish kuni barcha kattalarga bolalar dunyosi nozik ekanligini, unga tayanch va himoya kerakligini eslatishga qaratilgan. Bu butun insoniyat eʼtiborini sayyoramizning barcha burchaklarida bolalar duch kelayotgan muammolarga qaratishi kerak bo‘lgan bayramdir.
Bolalarni himoya qilish kunini o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror 1925-yilda Jenevada bolalar farovonligiga bag‘ishlangan Butunjahon konferensiyasida qabul qilingan edi.
1959-yilda Deklaratsiya qabul qilinib, unda bolalarning yashash, zo‘ravonlikdan himoya qilinish va ularning kelajagi haqida davlatning g‘amxo‘rlik qilishi bo‘yicha huquqlari belgilandi. 1979-yil xalqaro bolalar yili deb eʼlon qilindi, 1989-yilda esa bolalarning huquqiy himoyasini, Yer yuzidagi barcha bolalarning teng va bir xil huquqlarini taʼminlaydigan bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi oila va bolalik ijtimoiy siyosati sohasida tizimli yondashuvni amalga oshirmoqda. Ushbu yondashuv normativ-huquqiy bazaning takomillashtirilishida, institutsional asoslarning rivojlantirilishida, oila, onalik va bolalikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat dasturlarida o‘z ifodasini topmoqda. O‘zbekiston Respublikasida oila, onalik, otalik va bolalik davlat muhofazasiga olingan. Ona va bola manfaatlarini himoya qilish ayollarning mehnati va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, onalik va bolalikni huquqiy himoya qilish, moddiy va maʼnaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus chora-tadbirlar bilan taʼminlanadi.
Shuni eʼtirof etish kerakki, bolaning shaxsiyati to‘liq va barkamol rivojlanishi uchun u oilaviy muhitda, baxt va muhabbat, o‘zaro tushunish muhitida o‘sishi kerak.
“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi tomonidan zamonaviy oila masalalari bo‘yicha jamoatchilik fikrini kompleks o‘rganish doirasida oilaviy ichki munosabatlar, ota-onalar va bolalar, er-xotin va ularning ota-onalari o‘rtasidagi munosabatlar to‘g‘risida har yili amalga oshiriladigan monitoring o‘zbekistonliklarning jamoatchilik fikrida bolalar oilaning bosh maʼnosi va qadriyati ekanligi haqidagi tasavvur ustunlik qilishini aniqlab berdi (94,2%). Aksariyat fuqarolarning fikriga ko‘ra, oilada bolalar bo‘lishining shartligi asosiy hayotiy qadriyatlardan biri bo‘lib, u insonning o‘ziga va o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchini taʼminlaydigan mustahkam asos hisoblanadi va oila qurishning sabablaridan biri hamdir.
Ko‘pchilik respondentlarning fikriga ko‘ra (97%), bolalarning rivojlanishi va tarbiyasi uchun shart-sharoitlarning taʼminlanishiga ota-ona birdek masʼuliyatli bo‘lishi kerak. Ota-ona o‘z farzandlarida, eng avvalo, mehr-muhabbat, ezgulik va mehr-shafqat, Vatanga sadoqat, o‘zaro tushunish va hurmat, masʼuliyat va o‘z qadr-qimmatini saqlash tuyg‘ularini tarbiyalashi, oiladagi tarbiya bolalarda uddaburonlik, mehnatga va bilim olishga muhabbat kabi fazilatlarni qaror toptirishga qaratilgan bo‘lishi kerakligiga respondentlarning ishonchi komil.
Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida “Ijtimoiy fikr” RJFO‘M barcha bolalarni ushbu bayram bilan tabriklaydi va har bir bolaga mustahkam sog‘lik va beg‘ubor bolalikni tilaydi.
Har bir bola sog‘lom va baxtli bo‘lsin!
Manba: https://www.nur.kz/leisure/holidays/1858076-den-zasity-detej-istoria-i-celi-prazdnika/
Manba: O‘zbekistonliklar oila to‘g‘risida: ko‘rsatmalar va ustuvorliklar 2023 - IF (ijtimoiyfikr.uz)